Ulug‘bek madrasasi hujralarining biridan bor-yo‘g‘i bir necha so‘zdan iborat: “Bu hujra Jomiyning maskani bo‘lgan”, degan yozuv topilgan. Bu oddiygina, lekin g‘oyatda chuqur ma’noli jumla buyuk shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiyning hayot yo‘lida Samarqand nafaqat oddiy bir bekat, balki uning kamolotida hal qiluvchi o‘rin tutgan ma’naviy markaz bo‘lganidan dalolat beradi.
Ko‘pchilik Jomiyni Hirot osmonining porloq yulduzi sifatida bilsa-da, uning shaxs va ijodkor sifatida shakllanishida aynan Amir Temur va temuriylar saltanatining azim poytaxti Samarqand zamini ham muhim rol o‘ynagan.
XV asrning birinchi yarmida Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida Samarqand ulkan imperiyaning shunchaki siyosiy markazlaridan biri emas, balki Sharqning eng yirik ilmiy va madaniy markaziga aylangan edi. Bu davrda shaharda Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi o‘z davrining buyuk olimlari jam bo‘lib, Ulug‘bek rasadxonasi va madrasalarida faol ilmiy izlanishlar olib borishardi. Aynan shunday ilm-fan gurkiragan bir muhit yosh Abdurahmon Jomiyni (1414–1492) o‘ziga chorladi. U tolibi ilm sifatida Samarqandga kelib, Ulug‘bek madrasasida tahsilni boshladi. Tarixiy manbalar, jumladan, “Ravzat us-safo” asarining guvohlik berishicha, Jomiy bu yerda mashhur olim Qozizoda Rumiyning ma’ruzalarini tinglagan.
Jomiyning Samarqanddagi tahsili faqatgina madrasadagi darslar bilan cheklanmagan. U tibbiyot, arab tili grammatikasi kabi aniq va gumanitar fanlarni o‘rganish bilan bir qatorda, shaharning jo‘shqin adabiy hayotiga ham sho‘ng‘ib ketgan. Shoir nafaqat oliy martabali ulamolardan, balki oddiy hunarmandlar orasidan chiqqan ijodkorlardan ham ilhom va bilim olgan. Masalan, Jomiy o‘z g‘azallaridan birida samarqandlik sovungar shoir Mavlono Javhariyni katta hurmat bilan tilga olib, uni nazmning haqiqiy “zargari” (bilimdoni) deb ataydi. Bu holat Jomiyning naqadar keng qamrovli va teran fikrli inson bo‘lganini, ilmni faqat madrasa xonalaridan emas, balki hayotning o‘zidan izlaganini ko‘rsatadi. Uning Samarqandda o‘tkazgan yillari shunchaki bilim to‘plash davri bo‘lib qolmay, uning poetik tafakkuri va uslubining o‘sishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Samarqandda olgan chuqur bilimi va hayotiy tajribasi tufayli Jomiy Hirotga qaytgach, tez orada katta shuhrat qozondi. Qiziqarli jihati shundaki, uning ilmi toliblik davridayoq shuhrat qozonishiga sabab bo‘lgan shahar, keyinchalik uni ustoz sifatida o‘ziga qayta chorladi. Jomiy o‘zi tahsil olgan Ulug‘bek madrasasiga endi mudarris sifatida taklif etildi. Bu uning ilmiy salohiyatiga berilgan yuksak baho edi. Uning Samarqandga safarlari bu bilan tugamadi. Adabiyotshunos olim, akademik V.A.Abdullayevning yozishicha, 1479 yilda u Naqshbandiya tariqatining Movarounnahrdagi peshvosi Xoja Ahror Valiyning taklifiga binoan yana bir bor Samarqandga tashrif buyuradi. Bu galgi safar uning yosh tolibi ilmlik, mudarrislik davridan farqli o‘laroq, uning butun musulmon olamida tan olingan donishmand va mutafakkir sifatidagi tashrifi edi.
Jomiyning Samarqand bilan bog‘liq hayoti tarixini uning Alisher Navoiy bilan do‘stligidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jomiy azim shaharda turgan yillari yosh Navoiy ham Samarqandda yashab, tahsil olayotgan edi. Ikki buyuk mutafakkirning Samarqandda boshlangan do‘stligi keyinchalik butun Sharq ma’naviyatini yuksaklarga ko‘targan hamkorlikka aylandi. Bu do‘stlik shunchaki ikki shaxsning o‘zaro yaqinligi emas, balki qardosh tojik va o‘zbek xalqlarining azaldan davom etib kelayotgan madaniy va ma’naviy birligining yorqin timsolidir. Shu tariqa, Samarqand Abdurahmon Jomiy uchun nafaqat bilim maskani, balki uni buyuk shoir sifatida kashf etgan, Alisher Navoiydek tengsiz do‘st va safdosh bilan uchrashtirgan taqdirsoz zaminga aylandi. Bu tarixiy voqelik asrlar osha o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik rishtalarining ildizlari naqadar chuqur ekanini yana bir bor isbotlaydi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA