Ukrainaga Amerikada ishlab chiqarilgan “Tomagavk” qanotli raketalari yetkazib berilishi ehtimoli Rossiyada jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot berdi.
– O‘ziga xos, yadroviy hamda noyadroviy turlari mavjud bo‘lgan bu o‘ta xavfli qurolning uchish masofasi juda uzoq, – degan u. – RF G‘arb davlatlari Kiyevga qurol yetkazib berishi haqidagi bayonotlarni diqqat bilan kuzatmoqda. Hozir munosabatlar dramatik pallaga kirgan. Har tomonlama taranglik kuchaymoqda.
Yadroviy jihozlangan raketa haqidagi savolga javob berarkan, Kreml vakili bunday amaliyot xavfsizlikka jiddiy tahdid solishini ta’kidlagan:
– Tasavvur qiling: uzoq masofaga uchadigan raketa biz tomon kelyapti va ma’lumotga ko‘ra, yadroviy ham bo‘lishi mumkin. Shunday vaziyatda Rossiya qanday yo‘l tutishi kerak? Raketa yadroviy yoki yadroviy emasligiga kim kafolat bera oladi? Okean ortidagi harbiy mutaxassislar buni tushunishlari kerak.
Peskov shuni ham qo‘shimcha qildiki, RF hamon muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga tayyor. Uning fikricha, AQSH Prezidenti Donald Tramp ham muzokarani davom ettirishga rozi, ammo Yevropa va Ukraina bunga qiziqish bildirmayapti.
Oktyabr oyi boshida Tramp Ukrainaga “Tomagavk” raketalari yuborilishini aytgan. Ushbu bayonot ortidan Kreml ayni qadamni keskinlashuvning yangi bosqichi sifatida baholagan.
Prezident Vladimir Putin esa Kiyevga bunday qurol berilishi kuchlar muvozanatiga ta’sir qilmasligi, chunki Rossiya armiyasi raketalarni yo‘ldayoq to‘xtata olish qobiliyatiga egaligini bildirgan. Shuningdek, “Tomagavk”lardan AQSH harbiylari ishtirokisiz foydalanishning iloji yo‘qligini ham ta’kidlagan.
Umuman, voqealarning bunday rivoji Moskva –Vashington munosabatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Reuters agentligi yozishicha, “Tomogavk” rusumli raketalar yetkazib berilishi haqidagi bayonotga qaramay, Ukrainaga nisbatan ancha qisqa masofaga uchadigan boshqa qurol tizimlari berilishi ma’qul ko‘rilyapti.
Axios nashri esa Tramp ma’muriyati vakillari ham Kiyev “Tomagavk”dan mustaqil va nazoratsiz foydalana olishidan xavotir bildirgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_u8bZIL9QtY" title="Kreml AQSH raketalaridan xavotirda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA