“O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan olib borilgan tahlillarga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakatimizdagi sholi hosilidan bo‘shagan dalalarda qoldiqlarni noqonuniy yoqib yuborish bilan bog‘liq 38 ta holat aniqlanib, 500,3 gektar maydon zarar ko‘rgan. Bu Sirdaryo (30 ta holat 421,9 gektar) va Toshkent viloyati (8 ta holat 78,4 gektar) hududlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Bir qarashda bu yerni “tozalash” usulidek ko‘rinsa-da, aslida juda jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqaradi.

Xususan, sholi yoqish jarayonida atmosferaga katta miqdorda uglerod gazi, ko‘mirdek oksidlar va zararli moddalar tarqaladi. Bu havo ifloslanishiga, iqlim o‘zgarishi jarayonlarining tezlashishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, yaqin atrofdagi aholi uchun bu holat nafas olish tizimi kasalliklarini kuchaytiradi. Qolaversa, yoqilgan yer yuzasining yuqori qatlamidagi mikroorganizmlar nobud bo‘ladi. Bu esa keyingi mavsumdagi hosildorlikni pasaytirib, tabiiy gumusning kamayishi va yerning biologik faolligi so‘nishiga olib keladi.
Qayd etish lozim, sholi o‘rimidan bo‘shagan maydonlarni tez va arzon yo‘l bilan yoqib yuborishga bo‘lgan harakat O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha jarimalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi. Zarar miqdori katta bo‘lgan taqdirda hattoki, jinoiy javobgarlikkacha olib borishi mumkin.

“O‘zbekkosmos” agentligi ushbu holatlarni sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali kunlik monitoring qilib boradi.
Yurtdoshlarimiz shu kabi salbiy holatlarga guvoh bo‘lganida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 1207 ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.
Nigora Rahmonova, O‘zA