Joriy yilning 2 oktyabr kunidan boshlab Milliy gvardiya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida bepul “Yuridik klinika”lar faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining 10 nafar malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan Olmazor tumanining "Universitet", "Miskin", "Ziyo", "Yangi Sebzor" va "Allon" MFYlarida yashovchi aholiga xizmat ko‘rsatiladi.
Yuridik klinika aholining huquqiy madaniyati, huquqiy bilimlarini oshirish hamda jismoniy va yuridik shaxslarga beg‘araz yuridik maslahatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiradi.
Yuridik klinikalarning samarali faoliyat yuritishi uchun alohida xonalar ajratildi. Universitet professor-o‘qituvchilari aholi uchun eng qulay, ya’ni haftaning shanba kunlari soat 14:00dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida faoliyat olib bormoqda.
Birgina yuridik klinikada faoliyat boshlangan kunning o‘zida aholidan 6 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 5 tasi ko‘rib chiqilib, tegishli huquqiy maslahatlar berildi, 1 ta murojaat vakolatli organlarga hal qilish uchun yo‘naltirildi.
Ko‘p sonli aholining taklif va murojaatlarini inobatga olgan holda yuridik klinikalarning faoliyatini Olmazor tumani hududidagi barcha mahallalarda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/99PWbdS1yY8" title="“Yuridik klinika”lar orqali aholiga huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
A.Ahmedov (montaj), O‘zA