Misrda bugun tushdan keyin “Sharm-Al-Shayx tinchlik sammiti” bo‘lib o‘tadi. Prezident Abdulfattoh As-Sisiy va AQSH yetakchisi Donald Tramp raislik qiladigan tadbirda 20 dan ziyod davlat rahbarlari va yuqori martabali vakillari ishtirok etadi.
Anjumanning asosiy maqsadi – G‘azo sektoridagi urushni tugatish, Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash hamda mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berish.
Tashkilotchilar ta’kidlashicha, mazkur tashabbus Prezident Trampning mintaqada tinchlikka erishish masalasiga yondashuvi va dunyo miqyosida mojarolarni hal etish yo‘lidagi uzluksiz sa’y-harakati asosida amalga oshirilmoqda.
Isroil va HAMAS Misrga kelmaydi. Yahudiy davlati rasmiy vakili Shosh Bedrosyan ma’lum qilishicha, G‘azo bo‘yicha kelishuv doirasida garovdagilarni ozod etish jarayoni bugun erta tong boshlangan.
HAMAS siyosiy mahkamasi a’zosi Muhammad Nazar harakat “tinchlikdan keyingi davr” bo‘yicha o‘z qarashini muzokara tiklangach e’lon qilishi, sektorda xalqaro hokimiyat yoki “oliy komissar” tayinlash g‘oyasi esa rad etilishini bildirdi.
Dilshod Hakimov, O‘zA