Bojxona qo‘mitasi “Yo‘lovchi deklaratsiyasi” nomli mobil ilovani ishga tushirdi. Endi fuqarolar chegara punktlarida bojxona deklaratsiyasini qog‘oz shaklida emas, onlayn tarzda va ancha soddalashtirilgan tartibda to‘ldirishi mumkin.
Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bu haqda xabar berdi. Xabarda ushbu ilovaning afzalliklari va funksiyalari borasida ma’lumot keltirilgan. Xususan, ilova OneID orqali tizimga kirilganda, pasport ma’lumotlari avtomatik ravishda deklaratsiyaning asosiy bo‘limlariga kiritiladi. Foydalanuvchi faqat kirish - chiqish yo‘nalishi, valyutalar, qimmatbaho buyumlar va boshqa tovarlar haqidagi ma’lumotlarni qo‘lda kiritadi.
Mobil qurilmalar uchun IMEI-kodni skanerlash funksiyasi mavjud bo‘lib, foydalanuvchi uni qo‘lda terib kiritmasdan telefon kamerasi orqali skanerlab olishi mumkin. Chegara postlarida bepul Wi-Fi zonalari tashkil etilgan va ayrim joylarda infokiosklar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu esa smartfondan foydalanolmaydigan yo‘lovchilar uchun ham elektron tarzda deklaratsiya topshirish imkonini beradi.
Hozirda xizmat Toshkent xalqaro aeroportida sinov tariqasida ishlamoqda. 2025 yil 1 noyabrdan boshlab, ilovaning foydalanish doirasi barcha chegara punktlariga kengaytiriladi.
Mazkur loyihaning ahamiyatli jihati shundaki, vaqt tejaydi. Deklaratsiyani oldindan to‘ldirish chegaradagi o‘tish jarayonini ancha yengillashtiradi va qog‘oz shaklidagi xatolarni kamaytiradi. Shaffoflik va xavfsizlik. Raqamli tizim ma’lumotlarning yo‘qolishi yoki o‘zgartirilishining oldini oladi. Telefonlarni deklaratsiyalash osonlashadi. Chet eldan keltirilgan smartfonlarning IMEI-kodi avtomatik ravishda tizimga kiritiladi. Natijada qog‘oz ishlari kamayadi. Elektron deklaratsiya orqali qog‘oz shaklidagi hujjatlar soni keskin kamayadi.
“Yo‘lovchi deklaratsiyasi” ilovasini Play Market hamda App Store orqali yuklab olish mumkin. Ilovaning imkoniyatlari fuqarolarga deklaratsiya jarayonini yanada qulay va tez bajarishga xizmat qiladi.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ilova 2025 yil oxirigacha barcha xalqaro aeroportlar va yer orqali o‘tuvchi chegara punktlarida to‘liq joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA