Joriy yil 12 oktyabrdan boshlabEvropaning Shengen hududiga sayohat qilayotgan YeIga a’zo bo‘lmagan davlatlar fuqarolari uchun odatdagi pasport tekshiruvi o‘rniga yangi avtomatlashtirilgan biometrik tizim yo‘lga qo‘yildi.
Ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari elektron kirish tizimi EES (Entry Exit System)ni joriy etmoqda va bu tizim Shengen hududidagi 29 ta mamlakatda amal qiladi. Ular uchinchi davlat fuqarolarining biometrik ma’lumotlarini xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, chegaradagi o‘tish joylari va dengiz portlarida kirish-chiqish vaqtida to‘playdi va raqamli bazaga kiritib boradi.

Keyingi safarda Shengen chegarasini kesib o‘tishda ushbu ma’lumotlar avtomatik ravishda tekshiriladi. Bu orqali YeI chegara xizmati sayohatchi qancha vaqt qolganini aniq kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi. Qolaversa, bu noqonuniy migratsiya va hujjatlarni soxtalashtirish holatlarining oldini olishga, shuningdek Yevropa aholisi va sayohatchilar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qayd etish kerak, YeI fuqarolari, rezidentlari va uzoq muddatli Shengen vizasi egalari uchun alohida navbatlar tashkil etiladi, ulardan viza yoki pasport va yashash uchun ruxsatnoma taqdim etishlari talab etiladi.

Xabarga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish maxsus EES terminallari yoki biometrik ma’lumotlarni o‘qiydigan chegara avtomatlari orqali amalga oshiriladi. Ushbu texnik qurilmalardan faqat biometrik pasport egalari foydalanishi mumkin. Yangi tizim birinchi navbatda sizning yuz qismingiz surati va barmoq izlarini taqdim etishni so‘raydi. 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar barmoq izlarini taqdim etishi shart emas.
EES tizimi dastlab Chexiya, Estoniya va Lyuksemburgda to‘liq ishga tushdi. Germaniya esa tizimni avval Dyusseldorf aeroportida, keyinchalik Frankfurt va Myunxenda joriy etishni rejalashtirgan. Yevropa Komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, tizim kelgusida 29 davlatning tashqi chegaralarida to‘liq faoliyat ko‘rsatadi.
Dastlabki olti oyda pasportni tekshirish va muhrlash tartibi odatdagidek davom etadi.2026 yil 10 aprelgacha YeI hududida pasportlarga muhr bosish amaliyoti butunlay bekor qilinib, chegara nazorati to‘liq avtomatlashtiriladi.
O‘.Alimov tayyorladi.
O‘zA