Navoiy shahridagi “Oqsaroy” bazmgohida turli sohalarda samarali mehnat qilib, ayni paytda hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lib kelayotgan bir guruh nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashi qaroriga ko‘ra, Navoiy viloyatidan 42 nafar faol nuroniy “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tadbirda viloyat hokimi, senator Normat Tursunov ishtirok etib, yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar har bir yurtdoshimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etayotgani, har bir fuqaro yoshidan qat’iy nazar davlat himoyasida bo‘lib, ular uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotganligini alohida ta’kidladi.

Albatta, keksalarga ehtirom, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish necha ming yillardan buyon yashab kelayotgan boqiy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Ularning har bir o‘giti, hayot yo‘li barchamizni o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikda, ahil-inoq bo‘lib yashashga undaydi.


– Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor”, degan ibratli gap bor, – deydi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi Ibrohim Jumayev. – Darhaqiqat, keksalari bor xonadonda quvonch, fayzu baraka, xotirjamlik hukm suradi. Yoshlarimiz bugungi kunimiz qadriga yetishi lozim. Yurtboshimiz tomonidan keng ko‘lamdagi izchil islohotlar olib borilmoqda. Ularning barchasi yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi uchun qilinyapti. Yoshlarimiz ana shu yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlardan oqilona foydalangan holda yurt taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishi lozim. Biz nuroniylar o‘z pand-nasihatimiz, tajribamiz bilan ularga ko‘maklashamiz va qo‘llab quvvatlaymiz.

Tadbir davomida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar davraga yanada ko‘tarinkilik va fayz ulashdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri