Osiyo qit’asi futbol maydonlarida kegusi yil Amerika qit’asining uchta mamlakatida o‘tishi kutilayotgan navbatdagi jahon chempionati yo‘llanmalariga ega chiqish yo‘lidagi navbatdagi to‘rtinchi bosqich musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Kecha Osiyo qit’asida “JCH-2026” to‘rtinchi saralash bosqichining navbatdagi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Qatar mezbonlik qilayotgan "A" guruhining ikkinchi turida Birlashgan Arab Amirligi futbolchilari O‘monga qarshi maydonga tushdi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Ayni vaqtda ushbu guruhda BAA 3 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib bormoqda. Qatar va O‘mon hisobida esa 1 ochkodan bor.
Saudiya Arabistoni mezbonligida o‘tayotgan "B" guruhining 2-turida Iroq Indoneziyani 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Turnir jadvalini 3 tadan ochkoga ega Saudiya Arabistoni va Iroq boshqarayotgan vaziyatda guruhda o‘tgan o‘yinlarda ochko ola bilmagan Indoneziya JCH yo‘llanmasi uchun kurashdan chiqdi. Har ikki guruhda “JCH-2026” yo‘llanmasi uchun o‘yinlar 14 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

“A” guruhida o‘tadigan 3-tur o‘yinida Qatar Birlashgan Arab Amirliklari jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi. Ushbu bahsda Qatarga g‘alaba zarur bo‘lsa, BAAni durang natija ham qanoatlantiradi.
“B” guruhida kechadigan Saudiya Arabistoni – Iroq “dueli”da kim omadli jamoa ekanligini amalda isbotlasa, o‘sha jamoa okean ortida jahonning eng kuchlilari saflanadigan ro‘yxatga qo‘shilishga muvaffaq bo‘ladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA