Poytaxtimizda “Markaziy Osiyoda chorvachilik qiymat zanjirlari: holati, muammolari va siyosat” mavzusida mintaqaviy texnik seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat idoralari, ilmiy muassasalar, xususiy sektor va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashib, chorvachilik qiymat zanjirining hozirgi holati, muammolar hamda rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi.
Seminar Germaniyaning Gessen shahridagi Yustus Libix nomidagi universitet huzuridagi Xalqaro taraqqiyot va atrof-muhitni tadqiq etish markazi, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Germaniya – O‘zbekiston muloqoti” tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tadbirdan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlarida chorvachilik qiymat zanjirlarini rivojlantirish, kichik fermerlarning bozorga integratsiyasi, barqaror ozuqa ishlab chiqarish hamda hayvon kasalliklariga qarshi kurashda mintaqaviy hamkorlik masalalarini atroflicha ko‘rib chiqish.
Yig‘ilish ochilish qismida FAO O‘zbekiston vakili Maripa Kichinebatyrova, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori doktor Azamjon Nurmatov hamda Yustus Libix universiteti professori doktor Martin Petrik ma’ruza qildi.
Seminarda Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan “Trans-Livestock: Tojikiston va O‘zbekiston transchegaraviy hududlarida chorvachilikning iqtisodiy integratsiyasi” xalqaro tadqiqot loyihasining natijalari ham taqdim etildi. 2022–2025 yillar davomida amalga oshirilayotgan loyiha chorvachilik mahsulotlari savdosi, barqaror ozuqa ta’minoti, yaylovlardan oqilona foydalanish va chorvachilik tarmog‘ining mintaqaviy iqtisodiyotga integratsiyasini o‘rganishga qaratilgan.
Seminarda ekspertlar kichik va yirik chorvadorlar rolini, manfaatini bozor ishtirokchilari va davlat bilan uyg‘unlashtirish yo‘llarini, davlat xizmatlarini yanada samarali qilish chorasi, shuningdek, O‘zbekiston kelajak fermerlarini shakllantirishda bozor va hukumatning o‘rni masalasini o‘rgandi.
— Seminar davomida yosh fermerlar masalasi alohida qiziqish uyg‘otdi, ular o‘z kelajagini mustaqil shakllantira olishi va buning uchun zarur resurslarga ega bo‘lish masalasi juda muhim, — dedi professor Martin Petrik. — Bu O‘zbekiston uchun dolzarb soha hisoblanadi.
Shuningdek, mutaxassislar chorvachilik sohasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, “Yagona salomatlik” yondashuvi orqali pandemiyalarga tayyorgarlikni mustahkamlash va ilmiy tadqiqotlar bilan siyosat ishlab chiqish jarayonini bog‘lash zarurligini qayd etdi.
Seminar yakunida barqaror chorvachilikni rivojlantirish, mintaqaviy savdoni kuchaytirish hamda qo‘shma ilmiy tashabbuslarni kengaytirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA