O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Sirdaryo viloyati filiali binosida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etishdi.
Anjumanda viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari — Erkin Yo‘lchiyev, Bahodir Hojimatov va Shahlo Iskandarova viloyatdagi sport ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar va erishilayotgan yutuqlar haqida atroflicha ma’lumot berishdi.
Hozirda viloyat sport boshqarmasi tasarrufida 20 ta sport ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular orasida Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, 4 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi, 13 ta sport maktabi, futbol akademiyasi hamda futbol maktabi mavjud.

Prezidentimizning 2024 yil 18 dekabrdagi “Yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida viloyatda sport maktablarini ixtisoslashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Unga muvofiq, 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab Sirdaryo tumani sport maktabi yengil atletika va gandbol, Shirin tumani sport maktabi akademik eshkak eshish va stol tennisi, Sayxunobod tumani sport maktabi dzyudo va chim ustidagi xokkey, Yangiyer shahar sport maktabi esa futbol hamda akademik eshkak eshish sport turlariga ixtisoslashtiriladi.
Hozirda viloyat sport ta’lim muassasalarida 26 mingdan ortiq yosh sportchi bo‘lib, ularning qariyb to‘rtdan biri qizlardir. Sportchilarning 9 ming 500 nafari turli razryad va unvonlarga ega. Ularning 12 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi, 91 nafari sport ustasi, 1 142 nafari sport ustaligiga nomzod, 8 302 nafari esa ommaviy sport razryadlariga egadir.
Sport sohasini raqamlashtirish doirasida erp.sport.uz elektron tizimi orqali razryad berish jarayonlari shaffof va avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Bugungi kunda viloyatda 813 nafar murabbiy faoliyat yuritmoqda, shulardan 197 nafari — ayollar.
2025 yilning uchinchi choragida 21 nafar murabbiy malakasini oshirib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘lishdi.
Sirdaryo sportchilari joriy yilning o‘zida 68 xil sport turi bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarda 1 663 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Ular orasida 452 ta oltin, 487 ta kumush va 724 ta bronza medal bor. Olimpiya sport turlarida 879 ta sovrinli natija qayd etilgani ham muhim ko‘rsatkich sifatida ta’kidlandi.
Sirdaryolik yoshlar xalqaro musobaqalarda ham munosib natijalar ko‘rsatmoqda. Jumladan, qilichbozlik bo‘yicha Osiyo kubogida Sardor Suyunov yakkalik bahslarda 3-o‘rinni, jamoaviy tarkibda esa 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Suzish bo‘yicha Mixail Kleshko, suv polosi bo‘yicha Anatoliy Kotenkov hamda akademik eshkak eshish bo‘yicha Boburjon Muhiddinov xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishdi.

Shuningdek, Ozarbayjonning Gabala, Gyandja, Gyoygyol, Mingyachevir, Sheki, Xankendi va Yevlax shaharlarida bo‘lib o‘tgan III MDH o‘yinlarida viloyat sportchilari 6 ta medalni — 4 oltin va 2 kumushni qo‘lga kiritgani ham anjumanda alohida ta’kidlab o‘tildi.
Anjumanda nogironligi bo‘lgan yoshlarni sportga jalb etish masalalari ham muhokama etildi. Prezidentimizning 2024 yil 8 noyabrdagi qarori ijrosi doirasida viloyat sport ta’lim muassasalarida 103 ta maxsus guruh faoliyat yuritmoqda. Ular orqali 503 nafar nogironligi bo‘lgan yoshlar muntazam sport bilan shug‘ullanmoqda. Guliston Olimpiya va Paralimpiya markazlarida esa 7 ta parasport turi bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etilgan.
Anjuman yakunida ishtirokchilar Sirdaryo sportidagi so‘nggi natijalar, yangi infratuzilmaviy loyihalar hamda kelgusi rejalar yuzasidan fikr almashdilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri