Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, pomidor ruhiy holatni yaxshilab, kayfiyatni ko‘taradi. Shu sabab aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar bu sabzavotni ko‘proq is’temol qilishlari kerak.
Pomidordagi "tiramin" moddasi serotoninga aylanib, kayfiyatni ko‘tarishga va stressga qarshi kurashishga yordam beradi.
Shuningdek, pomidor xotira va miya salomatligini yaxshilash, ba’zi turdagi saraton xavfini kamaytirish va terini himoya qilish kabi ijobiy xususiyatlarga ham ega.
Shu bilan birga, pomidor yetishtirish qishloq xo‘jaligi sohasida ham eng serdaromad va xaridorgir hisoblanadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina o‘tgan yilda O‘zbekistonda 2 million tonnadan ziyod pomidor yetishtirilgan.
Xo‘jalik toifalari bo‘yicha ularning hajmi quyidagicha. Jumladan, fermer xo‘jaliklarida – 451,1 ming tonna, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida – 1,7 million tonna, qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarda – 125,9 ming tonna pomidor yetishtirilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA