Qozog‘istonning Oqtou shahri yaqinida halokatga uchragan AZAL kompaniyasiga qarashli havo kemasi fojiasi Ozarbayjon va Rossiya Prezidentlarining Dushanbedagi uchrashuvida asosiy mavzuga aylandi.
RF yetakchisi o‘z bayonotida ushbu voqeaning jiddiyligiga urg‘u berib, qurbonlarning oila a’zolariga yana bir bor hamdardlik bildirdi. Uning aytishicha, Moskva tovon to‘lanishi bo‘yicha barcha majburiyatni bajarish, hodisaga aloqador barcha mansabdor shaxslar harakatiga huquqiy baho berishga tayyor.
Putin fojia yuz bergan kuni mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlari chegarani kesib o‘tgan Ukrainaga qarashli uchuvchisiz uchoqlar hujumini qaytarganiga ham e’tibor qaratdi. RF tomonidan otilgan raketalar samolyotga tegmagani, samolyotdan bir necha metr narida portlagani haqida gapirdi. Shuningdek, yakuniy xulosaga kelish va falokatga doir barcha holatlarni aniqlash uchun vaqt kerakligi, Rossiya esa shaffof tergov borasida Ozarbayjon bilan yaqin hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
S.Rahimov, O‘zA