Shu yil iyun oyida NATO sammiti arafasida Prezident Donald Tramp va Ispaniya rahbariyati o‘rtasida ziddiyat yuzaga keldi. Yevropaning ko‘plab davlatlari yetakchilari yig‘iladigan anjumanga bir necha kun qolganda Bosh vazir Pedro Sanches AQSHning mudofaa xarajatini oshirish talabi bajarilmasligini ma’lum qildi.
Tramp finlyandiyalik hamkasbi Aleksandr Stubb bilan uchrasharkan, eng muhim soha – mudofaa va harbiy xarajat masalasini ham muhokama qildi. Suhbat davomida u Ispaniyani Shimoliy Atlantika alyansi tarkibidan chiqarish taklifini ilgari surgan.
– Bilasizmi, al’yans a’zolaridan harbiy sohaga 2 emas, 5 foiz ko‘proq ajratishlarini so‘radim, –degandi o‘shanda Amerika rahbari. – Ko‘pchilik bu shartga hech kim rozi bo‘lmaydi, deb o‘ylagandi. Binobarin, taklifim, deyarli, bir ovozdan qabul qilindi. Faqat Ispaniya bizga qo‘shilmadi.
Demak, ispan hukumatining qarori Trampni qattiq ranjitgan ko‘rinadi.
– Qizig‘i shundaki, biz tufayli ularning ishlari yaxshi ketyapti, – deya so‘zini davom ettirgandi AQSH yetakchisi. – Taklifimizni qo‘llab-quvvatlamaslik uchun biror sabab yo‘q edi. Ehtimol, Ispaniyani NATOdan haydash kerakdir?!
Darvoqe, Tramp avval ham Yevropa AQSHning “bo‘yniga minib olishi”ga yo‘l qo‘ymaymiz, Alyansga a’zo har bir davlat umumiy mudofaaga hissa qo‘shishi, odilona ulushda sarmoya kiritishi kerakligini ko‘p bor ta’kidlagan.
AQSH va Finlyandiya rahbarlari uchrashuvida boshqa masalalar ham ko‘tarildi. Masalan, 11 ta o‘rtamiyona muz yorar kema sotib olish bo‘yicha tasdiqlangan kelishuvga muvofiq, Xelsinkiga dastlabki qurilma 2028 yil yetkazib beriladigan bo‘ldi.
Rossiya va Ukraina urushi boshlangandan keyin finlar mudofaa tizimini mustahkamlashga alohida e’tibor qarata boshlagan. Bunday siyosatTramp g‘oyalariga mos. Qolaversa, YeI davlatlari orasida Finlyandiya Rossiya bilan eng uzun quruqlik chegarasiga ega davlat hisoblanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ED9BaxS7voc" title="Tramp Ispaniyani NATOdan chiqarmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA