Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida yashovchi fuqaro N.Q. hamda “M.S.Ye” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tuzilgan shartnoma asosida o‘rnatib berilgan 9 million so‘mlik quyosh panellari nosozligi tufayli ta’mirlab berildi.
Quyosh panellarini o‘rnatayotgan xodimlar ularning bittasini sindirib qo‘yishadi. Ushbu panel o‘rniga yangisi o‘rnatilgach, umumiy quyosh panellarida nosozlik yuzaga kelib, tizim ishlamay qolgan. “M.S.Ye” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan esa o‘z vaqtida servis xizmati ko‘rsatilmay, ish paysalga solinadi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro amaliy yordam so‘rab, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “1091” ishonch telefoniga murojaat qilgan. Murojaat belgilangan tartibda Nukus shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining mutaxassislari tomonidan o‘rganildi.
O‘tkazilgan sa’y-harakatlar natijasida iste’molchining talabi inobatga olinib, “M.S.Ye” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan panellar ta’mirlab berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri