Munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortayotgan muhim siyosiy voqelik sifatida e’tirof etilmoqda.
Mazkur nutqda davlatimiz rahbari xalqaro maydondagi dolzarb muammolarga chuqur strategik baho berib, ularni hal etish bo‘yicha aniq va amaliy takliflarni ilgari surdi. Bu takliflar jahon hamjamiyatida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda global inqirozlarga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan bo‘lib, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosiy konsepsiyasining uzviy davomi sifatida namoyon bo‘ldi, deyish mumkin.
Ma’ruzada mamlakatimizda islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faol davom ettirish muhim masalalardan biri sifatida aytib o‘tildi. Shavkat Mirziyoyev yaqin oylarda keng mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishini alohida ta’kidladi. Bu markazda buyuk ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosi o‘rin oladi. Shuningdek, qadimiy qo‘lyozmalar, diniy-ilmiy asarlar, O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini dunyo ahliga namoyon etadigan eksponatlar jamlanadi. Markazga tashrif buyurgan har bir inson islom dini aslida tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini chuqur anglay oladi.
O‘zbekiston jahon hamjamiyatida ilm, madaniyat va insonparvarlikning manbai sifatida jahonga tanilgan. O‘z navbatida, dunyo mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonning tinchlikni mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va insonparvar qadriyatlarni targ‘ib etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qadrlamoqda. Bu g‘oyalar tinchlik, do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Biz millatlar o‘rtasida ishonchli va do‘stona muhit yaratish, nizolarni suhbat va hamkorlik orqali hal etish tarafdorimiz. Prezidentimiz tashabbuslari global muammolar – iqlim o‘zgarishi, ekologiya, migratsiya, mintaqaviy masalalar, Markaziy Osiyoda suv, xavfsizlik, savdo aloqalari uchun oqilona yechim topishga yordam beradi.
Davlatimiz rahbarining BMT sessiyasida ilgari surgan takliflari, muammolarni yechish bo‘yicha strategik fikrlari nafaqat mamlakat ichki islohotlariga kuchli turtki beradi, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda ham mamlakatimizning nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
I.SIDDIQOV,
Farg‘ona davlat universiteti
professori, falsafa va milliy g‘oya kafedrasi mudiri.
A.SALMONOV,
FDU falsafa va milliy g‘oya kafedrasi o‘qituvchisi.
O‘zA