Shartnoma shartlari qonunchilikka mos bo‘lishi kerak
So‘nggi paytlarda ayrim banklar tomonidan kredit shartnomalariga iste’molchilar huquqlarini cheklovchi shartlar kiritilayotgani kuzatilmoqda.
Markaziy bank bu amaliyotlarni qonunchilikka zid holat sifatida baholaydi va bunday shartlarning bekor qilinishi, shuningdek, kredit qaytarish jadvalidagi o‘zgarishlar haqida banklar tomonidan mijozlarga o‘z vaqtida to‘liq ma’lumot berilishini zarur deb hisoblaydi.
«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 66-moddasiga muvofiq, ko‘rsatiladigan bank xizmatlarining shartlari va qiymati haqidagi axborotni mijozga taqdim etishni rad qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, banklar kredit berish qanday shartlar asosida amalga oshirilayotgani haqida mijozga axborot berishi kerakligi belgilangan.
Shuningdek, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasida ijrochi iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan xizmatlar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi, 21-moddasida esa shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan talablari haqiqiy emas deb hisoblanishi qayd etilgan.
«Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida»gi nizomning 121-bandiga asosan bank iste’molchiga bank xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma imzolangan kunda shartnomaning bitta asl nusxasini taqdim etishi kerak.
Ta’kidlash lozimki, kreditni qaytarish jadvali kredit shartnomasining ajralmas qismi hisoblanadi va qarzdor uchun muhim ahamiyatga ega ma’lumotlarni — kredit qoldig‘i, asosiy qarz va foiz bo‘yicha to‘lov miqdorlari hamda ularning amalga oshirilish sanalarini o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, kreditni qaytarish jadvalidagi o‘zgarishlar — bu kredit shartlarining ajralmas qismi hisoblanadi.
Bunda, iste’molchiga kreditni qaytarish jadvalini yangidan rasmiylashtirib berilmasligi qarzdor to‘lov miqdorini va sanasi haqida xabardor bo‘lmasligi natijasida qarzdorlikni o‘z vaqtida va to‘liq so‘ndirmaslik xatarlari yuzaga kelishi, bu esa ortiqcha foizlar hisoblanishiga, jarimalar qo‘llanishiga, kredit tarixi salbiy tomonga o‘zgarishiga, shuningdek bank va qarz oluvchi o‘rtasida nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yuqorida qayd etilgan qonunchilik talabiga ko‘ra, kredit shartnomasining bir nusxasini qarzdorga berish — bu bankning majburiyati. Shu bois, iste’molchining so‘rovidan qat’iy nazar iste’molchi uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlar (kredit qoldig‘i, to‘lovni amalga oshirish sanasi, asosiy va foiz qarzi bo‘yicha to‘lov miqdorlari) aks ettirilgan kreditni qaytarishni aktual jadvali banklar tomonidan taqdim etilishi ta’minlanishi lozim.
Markaziy bank tijorat banklari kredit shartnomasini tuzishda ustunlik kuchiga ega bo‘lib, kredit shartnomalariga javobgarlikni o‘zidan olib, iste’molchiga yuklagan holda iste’molchilarning huquqlarini cheklovchi shartlarning (talablarning) kiritilishini qonunchilik talablariga zid deb hisoblaydi.
Shu munosabat bilan barcha tijorat banklaridan: kredit shartnomalariga bunday shartlarni kiritish amaliyotini to‘xtatish va avval tuzilgan kredit shartnomalariga bunday shartni bekor qilishga doir o‘zgartirish kiritish orqali bartaraf etishni; kreditni qaytarish jadvalida kredit qoldig‘i, to‘lovni amalga oshirish sanasi, asosiy va foiz qarzi bo‘yicha to‘lov miqdorlariga doir har qanday o‘zgarishlar bo‘lgan taqdirda, bank qarzdorga yangilangan jadvalni taqdim etilishini ta’minlash talab etiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA