Chirchiq shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida noyob jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Xususan, homiladorlikning 33-34 haftasida “kesarcha kesish” orqali dunyoga kelgan siam egizaklar tug‘ruqdan 9 soat o‘tib, mahalliy sharoitda o‘ta murakkab va yuqori texnologik operatsiya orqali ajratib olindi. Besh soat davom etgan jarrohlik amaliyoti Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi Toshkent viloyatining malakali shifokorlar guruhi tomonidan bajarildi.

– Bunday murakkab operatsiyalar har doim ham amalga oshirilmagan bo‘lib, bu kabi holatlarda ko‘pincha uzoq muddatli tahlil va tayyorgarlik talab etiladi.

Muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklarni shoshilinch ravishda va viloyat darajasida muvaffaqiyatli ajratib olish mamlakatimiz tibbiyotining yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi, – deydi Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva.

Operatsiyada ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Sog‘lig‘i barqarorlashgan chaqaloqlar va ularning onasi shifoxonadan uyga ruxsat etildi. Ularning holati endi Ohangaron shifokorlari nazoratida bo‘ladi.
A.Musayev, O‘zA