Vatanimiz tarixidagi 9 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni
892 yil (bundan 1133 yil oldin) – hadis ilmining sarvari Abu Muhammad Termiziy o‘z ona yurti, Sherobod shahridan olti kilometr uzoqlikda joylashgan Bug‘ qishlog‘ida vafot etdi va shu yerga dafn etildi. Allomaning vafotidan so‘ng qabri ustiga muhtasham maqbara qurilgan.
Imom Termiziy o‘z ilmiy safarlarini, taxminan, 849 yillardan boshlagan. Xuroson, Hijoz va Iroqda bo‘lgan. Imom Termiziyning barcha asarlarida ularning ilmidan foydalangan umumiy ustozlari soni 224 nafar. Manbalarda “Katta to‘plam”, “Payg‘ambarlik siyratlari va tanlangan shaxs xususiyatlari”, “Hadis ilmining nozik jihatlariga tegishli katta kitob”, “Ismlar va kunyalar”, “Tarix”, “Tafsir” kabi 11 ta asar Imom Termiziy qalamiga mansubligi qayd etiladi. Olimning “Katta to‘plam” (“Al-Jome’”) asari islom dunyosida yozilish uslubi jihatidan yangi bo‘lgan va keyinchalik unga boshqa olimlar ergashgan.
Imom Termiziy umrining aksariyatini Imom Buxoriyga shogirdliqda o‘tkazgan hadis toliblaridan biridir. Hatto ba’zi muhaddislar u kishini “Imom Buxoriyning o‘rinbosari (vorisi)” deb ham atashgan. Ba’zi tarixchilarning qayd etishlaricha, Imom Termiziy Allohdan g‘oyatda taqvo qilgani boisidan seryig‘i bo‘lgan va aynan shuning uchun ham ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan. Ammo ayrim tarixchilar buni inkor qilib: “U kishi tug‘ma ojiz bo‘lganlar”, – deb qayd etishadi.
1404 yil (bundan 621 yil oldin) – Sohibqiron saroyiga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning qayd etishicha, Amir Temur nevaralaridan birini uylantirish uchun uyushtirgan to‘yga elchilarni ham taklif etadi. To‘y son-sanoqsiz chodirlar tikilgan behad hashamdor saropardada beriladi. To‘yda Amir Temurning suyukli rafikasi Saroy Mulkxonim, kelini Xonzoda Begim va boshqa e’tiborli ayollar, yasovullar va boshqa kishilar ham ishtirok etadilar.
Shu kuni Amir Temur o‘zi qariyb yetti yil oldin Samarqandga dorug‘a qilib qoldirgan, shu davr mobaynida o‘z lavozimini suiiste’mol qilgan dorug‘ani dorga osishga buyuradi. Podshohning juda katta ishonchini qozongan, shunday yuksak mavqega ega shaxs ustidan chiqarilgan bunday hukmdan butun saltanat larzaga tushadi.
Bundan tashqari, o‘zi yo‘qligida go‘shtning narxini oshirib sotgan bir qancha qassoblarni ham jazolashni buyuradi. Shuningdek, mollarga oshiqcha narx qo‘yib sotishda ayblangan kafshdo‘z, etikdo‘z va boshqa bir qancha hunarmandlarning mablag‘laridan bir qismini musodara qilishni topshiradi.
1826 yil (bundan 199 yil oldin) – Amir Haydar vafot etganidan so‘ng Buxoro amirligi taxtiga to‘ng‘ich farzand va valiahd sifatida vasiyatga binoan Husayn To‘ra o‘tirdi. U Amir Husayn nomi bilan bor-yo‘g‘i 78 kun amirlik qildi. Tarixchi olim Qahramon Rajabovning qayd etishicha, Uning amirlik davri 1826 yil 9 oktyabrdan o‘sha yilning 22 dekabrigacha davom etgan. Amir Husayn Buxoro taxtiga o‘tirgan beshinchi mang‘it amiri hisoblanadi.
Mulla Olim Maxdum Hoji o‘zining “Tarixi Turkiston” asarida Amir Husayn shaxsiyatini keyinchalik quyidagicha baholagan edi: “Amir Husayn shujo’ va sohibhimmat, g‘oyat saxiy va zakiy attab’, fozil va oqil fahim va siyohdo‘st, musofirnavoz va ra’iyatparvar va jammas’ul kutub edi”.
Saroydagi ayrim nufuzli amaldorlarga Amir Husayning bunday fazilatlari yoqmagan va uni taxtdan chetlashtirishga intilishgan. Buxoro hukmdori Amir Husayn 1826 yil 22 dekbrda Buxoro shahrida zaharlanish natijasida vafot etgan.
1852 yil (bundan 173 yil oldin) – Qurbon hayiti kuni ertalab Qo‘qon xoni Xudoyorxon salom qabul qilayotgan paytda Toshkentdan chaqirilgan qo‘shin bilan qipchoqlar qirg‘ini uyushtirildi.
1916 yil (bundan 109 yil oldin) – Qo‘qon shahrida taniqli jadid Obidjon Mahmudov xonadonida “G‘ayrat” jamiyati nashri afkorini tashkil etish, xususiy bosmaxona masalalarini hal qilish uchun navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Nashr uchun Qo‘qonning mahalliy boylari mablag‘ ajratishlarini bildirdilar. Obidjon Mahmudov bu borada faollardan hisoblangan.
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – Toshkentda ma’rifatparvar va jamoat arbobi Saidnosir Mirjalilov (tavalludi 1884 yil) otib tashlandi. U – Zarifa Saidnosirovaning otasi. Germaniyaga o‘qishga yuborilgan talabalarni nafaqa bilan ta’minlagan va ularga moddiy yordam ko‘rsatgan.
1968 yil (bundan 57 yil oldin) – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi “O‘zbekiston yozuvchilar jamoasining o‘z matbuot organlariga rahbarligi to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Unda “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka” jurnallari va “O‘zbekiston madaniyati” gazetasining faoliyati qattik tanqid ostiga olindi.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari intizomiy qism haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar va idoralar me’yoriy hujjatlarining qonuniyligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2002 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atoqli o‘zbek shoiri akademik G‘afur G‘ulom tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “ Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi “Chashma” tarixiy-me’moriy majmuasini kompleks rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ayrim hududlarda yer osti suvlaridan oqilona foydalanishni ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA