Kuni kecha Ekvador yetakchisi Daniel Noboa kortejini yuzlab odamlar o‘rab olib, tosh va g‘isht otgan, shuningdek, o‘qotar qurollardan foydalangan. “Reuters” axborot agentligi yozishicha, voqea o‘lkaning Kanyar provinsiyasida yuz bergan.
Mamlakat atrof-muhit va energetika vaziri Ines Manzano prezidentga suiqasd uyushtirilgani haqida rasmiy bayonot berdi. Shuningdek, u hujum paytida davlat rahbari jabrlanmagani va toshbo‘rondan so‘ng besh kishi hibsga olinganini ma’lum qildi.
– Kortej oldida taxminan 500 kishi paydo bo‘lib, unga toshlar otishdi, -dedi Manzano. – Bundan tashqari, prezident avtomobilida o‘q izlari aniq ko‘rinib turibdi.

Prezident ma’muriyati hibsga olinganlar terrorizm va suiqasdga urinishda ayblanib, sud qilinishini bildirdi.
Hujum sodir bo‘lgan joydan taxminan 77 kilometr janubda joylashgan Kuenkadagi talabalar tadbirida so‘zga chiqqan Noboa mamlakatda bunday xatti-harakatlarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.
– Ekvadorda bunday hujumlar qattiq qoralanadi va suiqasdga uringan shaxslar qonun oldida javob beradi, -dedi u. – Prezidentning mashinasiga o‘q uzish va tosh otish – davlat mulkiga zarar yetkazish degani. Bu katta jinoyat.

Xabarlarda ta’kidlanishicha, hozirda Ekvadorda dizel yoqilg‘isi narxining oshirilishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda va bu noroziliklar turli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lmoqda.
Noboa sentyabr oyi o‘rtalarida yoqilg‘i bo‘yicha subsidiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va uning hukumati tartibni saqlash uchun bir qancha hududlarda favqulodda choralar e’lon qildi.

Mudofaa vaziri Jan Karlo Loffredo ijtimoiy tarmoqda 37 yoshli Noboaning shikastlangan avtomobili oldida ko‘zoynak taqib turgan suratini e’lon qilib, “Bu prezidentni hech narsa to‘xtata olmaydi”, dedi.
Hujum ba’zi xorijiy davlatlar, jumladan, Kosta-Rika, Gonduras va Panama tomonidan qoralandi.
O‘.Alimov, O‘zA