Dubay politsiyasi tomonidan o‘tkazilgan maxsus reyd natijasida yashash uchun mo‘ljallangan villada giyohvandlik vositalarini savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi.
Operatsiya davomida ikki nafar Osiyo fuqarosi hibsga olingan va ulardan katta miqdorda — 40 kilogramm narkotik vositalar (ketamin, kristall metamfetamin, marixuana, gashish) hamda ularni tayyorlashda ishlatiladigan turli kimyoviy moddalar va suyuqliklar musodara qilingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar haqida dastlabki axborot Dubay razvedka xizmati tomonidan olingan. Guruh a’zolaridan biri tuzoqqa tushirilgan holda qo‘lga olingach, tergov davomida u sherigining shaxsini oshkor etgan va navbatdagi reydda ikkinchi gumondor ham narkotiklarni qadoqlayotgan paytda ushlangan.
Dubay politsiyasi Narkotiklarga qarshi kurash bosh boshqarmasi direktori brigadir Xolid bin Muvayzanning ta’kidlashicha, bu muvaffaqiyatli operatsiya politsiyaning giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi qat’iy kurash olib borayotganini tasdiqlaydi.
Mutaxassislarning aytishicha, jinoyatlarga qarshi kurashda ilg‘or texnologiyalar, raqamlashtirilgan tizimlar va yuqori malakali xodimlardan samarali foydalanish natijasida hatto chetdan boshqarilayotgan tarmoqlar ham tezda fosh etilmoqda.
Hamroz Bayanov, O‘zA