Avval xabar qilinganidek, Toshkentda o‘z ishini boshlagan “Uzbek Import Fair 2025” I-xalqaro ko‘rgazmasida mahalliy korxonalar qatorida “O‘zkimyosanoat” AJ ham o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda.

Jamiyat axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ko‘rgazmada O‘zbekistonda ishlab chiqarish salohiyati mavjud bo‘lgan 3 ming turdagi import mahsulotlari namoyish etilyapti.
–O‘z navbatida, 30 dan ortiq import qilinayotgan mahsulotlar, doimiy import qilinayotgan materiallar va butlovchi qismlar o‘zlashtirish uchun taqdim etilmoqda. Kimyo sanoati mahsulotlari, parfyumeriya, kosmetika va shaxsiy gigiyena vositalari bilan bir qatorda, mahalliylashtirish dasturi hamda sanoat kooperatsiyasi doirasida importni optimallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi taqdimot materiallari ham ko‘rgazmadan joy olgan.
Shuningdek, mamlakatimiz tadbirkorlari tomonidan qiymati 280 million dollardan ziyod bo‘lgan 26 turdagi kimyoviy mahsulotlar havola etilyapti. E’tiborlisi, ushbu tadbir doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar import tovarlariga bo‘lgan haqiqiy ehtiyoj hajmini o‘rganish evaziga o‘z ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish hamda yangi bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi, – dedi H.To‘laganov.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA