Ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonda dori vositasidan bolalar vafot etganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Xo‘sh, O‘zbekiston bozorida ham ushbu dori vositasi sotiladimi? Agar shunday bo‘lsa, ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida qanday tezkor choralar ko‘rilmoqda? Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida shu kabi savollar tug‘ilmoqda.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi bildirgan rasmiy munosabatga ko‘ra, “Sresan Pharma” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Coldrif” dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan.
"Ushbu holat yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi “Sresan Pharma” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Coldrif” dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligini ma’lum qiladi.
Ma’lumot uchun, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin ruxsat etiladi", deyiladi rasmiy munosabatda.
M.Qosimova tayyorladi, O‘zA