HEMIS – oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish tizimi bo‘lib, O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining o‘quv, ilmiy, ma’muriy va moliyaviy jarayonlarini boshqarish uchun mo‘ljallangan zamonaviy axborot platformasi. Tizim talabalarga o‘z baholarini va o‘quv natijalarini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi, shuningdek, universitetlar va vazirlik o‘rtasida axborot almashinuvini avtomatlashtirishga yordam beradi. Endilikda ushbu tizim yanada takomillashtirilib, mamlakatimizning 20 ta oliy ta’lim muassasasida HEMIS AI tizimi ishga tushirildi.
HEMIS AI – talabalarning raqamli yordamchisi bo‘lib, o‘quv jarayonini chuqur tahlil qilib, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini baholaydi va shaxsiy rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etadi.
Dunyoning nufuzli universitetlari uchun o‘qishga qabul qilishda GPA ball juda muhim hisoblanadi. Bakalavr yoki magistratura talabalari, shuningdek, maktab o‘quvchilarining darslarni qay darajada o‘zlashtirayotganini ko‘rsatib turuvchi o‘rtacha baholar ko‘rsatkichi bu GPA deb ataladi.
GPA – (Grade Point Average) ma’nosi “o‘rtacha ball ko‘rsatkichi” bo‘lib, 1–4 shkalada diplom yoki attestat (shahodatnoma)dagi baholarning o‘rtachasiga qarab talabaning darslarni qay darajada o‘zlashtirganini aks ettiradi. Bu o‘rtacha baho ko‘rsatkichi, ya’ni GPA odatda universitetga qabul qilinishda o‘quvchining universitet standartlariga javob berish yoki bermasligini aniqlab beradi.

HEMIS AI tizimida ham GPA tahlili mavjud bo‘lib, bunda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, rivojlanish yo‘nalishlari ko‘rsatiladi. Davomat tahlili orqali darslarga qatnashish darajasi baholanib, kechikish sabablari ham tahlil qilinadi.
Mashg‘ulotlar samaradorligi tahlil qilinib, o‘quv jarayonlari optimallashtiriladi. Tavsiyaviy kurslar orqali talabaning qiziqishlari va o‘quv natijalariga mos tarzda Coursera platformasidan kurslarni tavsiya etadi.
Coursera – bu dunyodagi eng yaxshi universitetlar va kompaniyalar bilan hamkorlik qilib, turli fanlar bo‘yicha onlayn kurslar, sertifikatlar va darajalar taqdim etuvchi global ta’lim platformasi. U 2012 yilda Stanford universiteti professorlari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, barcha uchun onlayn ta’lim olish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.
Coursera onlayn kurslari dasturlashdan tortib san’atgacha bo‘lgan keng qamrovli bilimlarni o‘zida jamlagan. Ushbu kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagandan so‘ng xalqaro tan olingan sertifikatlar va hatto ba’zi darajalarni olish mumkin. Platformada dunyodagi yetakchi tashkilotlar tomonidan taklif etiladigan kasbiy ta’lim kurslari ham mavjud. Kurslar dunyoning eng nufuzli universitetlari va kompaniyalari tomonidan taqdim etiladi. Bu esa foydalanuvchilarga yuqori sifatli ta’lim olish imkonini beradi.
HEMIS AI plagiat tekshiruvi bilan mustaqil ishlar, BMI hamda ilmiy ishlarning asl nusxada bo‘lishini ta’minlashga yordam beradi. Bu esa talabaning ishonchli manbalar asosida, o‘zining shaxsiy fikrlariga tayangan holda vazifalarni bajarishini ta’minlaydi.
Moliyaviy holat tahlili esa shartnoma to‘lovlari, stipendiya va grantlar bo‘yicha aniq va tizimli tahlilni ko‘rish mumkin. Qolaversa, HEMIS Chatbot AI foydalanuvchi so‘rovlarini tahlil qilib, tezkor va aniq javoblarni taqdim etadi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA