O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahridagi uy-joylar ijara narxlarini tahlil qildi.
Unga ko‘ra, dollar kursining so‘mga nisbatan o‘zgarishi uy-joylar ijara narxlarining dollardagi qiymatini oshirdi. Shuningdek, yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ijara bozorida talab ortib, bu ham narxlarga ta’sir ko‘rsatgan. Sentyabr oyida o‘rtacha ta’mirlangan uy-joylar uchun ijara narxlari avgust oyiga nisbatan o‘sgan.
Bir xonali uylar 318 dollardan 334 dollargacha, ikki xonali uylar 394 dollardan 412 dollargacha, uch xonali uylar 477 dollardan 502 dollargacha, to‘rt xonali uylar esa 537 dollardan 556 dollargacha qimmatlagan. To‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun ham ijara narxlari o‘sishni ko‘rsatgan. Bir xonali uylar 413 dollardan 435 dollargacha, ikki xonali uylar 580 dollardan 614 dollargacha, uch xonali uylar 824 dollardan 874 dollargacha, to‘rt xonali uylar esa 1185 dollardan 1201 dollargacha ko‘tarilgan.
Tahlillarga ko‘ra, Sergeli va Uchtepa tumanlarida ijara narxlari nisbatan arzon bo‘lgan bo‘lsa, Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA