Andijon shahridagi universal sport majmuasida qo‘l jangi bo‘yicha “Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi” uchun musobaqa bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlar qo‘l jangi federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar favqulodda vaziyatlar boshqarmalari jamoalari tarkibida tizimda xizmat qilayotgan sportchilar 8 vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.


Tizim xodimlarining jismoniy tayyorgarligi, tezkorligi, jasorat va ruhiy barqarorligini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan musobaqaning har bir bahsi qiziqarli hamda keskin kurashlar ostida o‘tdi.


Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, eng ko‘p medallar shodasini qo‘lga kiritgan Xorazm viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.


Musobaqada ikkinchi o‘ringa Farg‘ona viloyati, uchinchi o‘ringa esa Navoiy viloyati jamoalari sazovor bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlarni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Xurshid Sotiyev, Andijon viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Botirjon Ashurov muborakbod etib, ularga vazir kubogi, tegishli medal va diplomlarni tantanali ravishda topshirdi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA