Sobiq ichki ishlar vaziri Sanae Takaishi shanba kuni hukmron Liberal-demokratik partiya saylovining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozonib, Yaponiya tarixida birinchi ayol Bosh vazirga aylandi.
"Kyodonews" xabar berishicha, 64 yoshli Takaishi hukumatning iste’foga chiqqan boshlig‘i Sigeru Isiba o‘rnini egallash barobarida hukmron partiyaning eng yuqori lavozimini ham egalladi. Uning diplomatiya va xavfsizlik borasidagi keskin qarashi Xitoy va Janubiy Koreya kabi qo‘shnilar bilan yangi ziddiyatlar keltirib chiqarishi haqida ham gap-so‘zlar bor.

Sanae xonimni ikkinchi turda 185 deputat yoqladi, Shu tariqa u asosiy raqibi, 156 ovoz to‘plagan qishloq xo‘jaligi vaziri Sinziro Koizumini ortda qoldirdi. Dastlabki bosqichda besh nomzod orasida LDPning ikki deputati va Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi Yosimasa Xayasi ham asosiy da’vogarlar qatorida edi.
O‘ta konservativ qarashi bilan tanilgan Takaishi saylangandan keyin darhol hamkasblariga “LDP yangi davrni belgilaydi” dedi. U qariyb 70 yil davomida hokimiyatni uzluksiz boshqarib kelayotgan partiya “xalq tashvishini umidga aylantirishi"ga va’da berdi.

Yangi rahbar suiqasd tufayli halok bo‘lgan sobiq Bosh vazir, millatchiligi bilan tanilgan Sinzo Abe kabi fikrlaydi. Uning vaqti-vaqti bilan yapon fuqarolari qatorida sudlangan harbiy jinoyatchilar sharaflangan bahsli Yasukuni majmuasini ziyorat qilib turishi Pekin va Seulning keskin tanqidiga sabab bo‘lgan.
Ovoz berib bo‘linganidan bir necha soat o‘tgach, o‘zining ilk matbuot anjumanida Bosh vazir endi bunday ziyoratni davom ettirmasligi, Xitoy va Janubiy Koreya manfaatini hisobga olgan holda, "tegishli" qaror qabul qilishini bildirdi. Shu bilan birga Tokio ziyoratgohidagi ibodat "hech qachon diplomatiya masalasiga aylanmasligi kerak"ligini ham qo‘shimcha qilib qo‘ydi.
M.Pirmatova, O‘zA