2025 yil sentabrida Avstraliyaning Network 10 telekanali va 10 Play platformasida “The Amazing Race Australia”ning yangi mavsumi premerasi bo‘lib o‘tdi. Shouning markaziy qismlaridan biri Samarqand va Tersak qishlog‘ida olindi.
Ishtirokchilar "Andijon polkasi"ni ijro etish, karnay chalish, gilam yuvish, quritilgan mevalarni ajratish, anor sharbati tayyorlash va kartoshka ekish kabi topshiriqlarni bajardilar. Premeraning ilk haftasidayoq dastur 1,2 million tomoshabinni jalb qildi.
O‘zbekiston epizodlarida mashhur avstraliyaliklar: Aisha Skott va Skott Dobson, Brendan Fevola va qizi Leni, Dom Di Tommaso, Gretel Killeen va qizi Epifani, Rob Mills va Jorji Tanni, Melisa Leong, Luk va Sessi Skott, Lindi Rama-Ellis va qizi Stella, Stef Tisdell va akasi Ben ishtirok etdi.
Ishtirokchilar mamlakatni "betakror tajriba" deb baholab, mehmondo‘stlik va Samarqandning go‘zalligini alohida ta’kidlashdi.
Tomoshabinlar ham bu sahnalarni mavsumdagi eng qiziqarli lavhalar deb e’tirof etishdi. Shou 18–25 mart kunlari O‘zbekiston TIV, Turizm qo‘mitasi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida suratga olindi. Uni AQSHning Next Field International kompaniyasi tashkil qildi.
Kompaniya direktori Stanislav Solovkinning so‘zlariga ko‘ra, loyiha "nihoyatda muvaffaqiyatli" bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro tanilishiga katta hissa qo‘shdi.
Hamroz Bayanov,O‘zA