O‘zbekiston Superligasining 24-turi doirasida “Xorazm” – “Navbahor”, OKMK – “Qo‘qon-1912” klublari o‘zaro raqobatlashdi.
“Xorazm” va “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi to‘qnashuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Ushbu o‘yindagi ikki gol ham 11 metrlik jarima zarbasidan kiritildi. Dastlab, 24-daqiqada Abbos G‘ulomov hisobni ochgan bo‘lsa, 71-daqiqada “Xorazm” futbolchisi Murod Bobojonov penaltidan gol urib, hisobni tenglashtirdi.

Olmaliqda o‘tgan OKMK va “Qo‘qon-1912” bahsida 0:1 hisobi qayd etildi. Uchrashuvdagi yagona gol 3-daqiqada Abdug‘ofur Haydarov tomonidan kiritildi.

Bugun, 4 oktyabr kuni milliy chempionatimizda 3 ta o‘yin o‘tkaziladi. Jumladan, “Buxoro” o‘z maydonida “Paxtakor” klubini qabul qilsa, “Surxon” “Dinamo” bilan o‘ynaydi. Mazkur bahslar soat 17:00 da start oladi. Shuningdek, Toshkentdagi "Olimpiya" stadionida "Bunyodkor" va "Nasaf" o‘zaro kuch sinashadi.

Shu o‘rinda, “Buxoro” va “Paxtakor” jamoalarining bugunga qadar chempionatimizda o‘tkazgan o‘zaro o‘yinlari statistikasiga yuzlansak.
Chempionat tarixida ushbu klublar jami 61 marotaba to‘qnash kelgan.
Uchrashuvlarning 45 tasida “Paxtakor”, 7 o‘yinda “Buxoro” g‘alaba qozongan bo‘lsa, qolgan 9 ta bahs durang bilan yakunlangan. Poytaxt klubi raqib darvozasini 142 bor ishg‘ol etib, 38 ta gol o‘tkazib yuborgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA