Bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya atom energetikasi sohasida hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Tomonlar o‘zaro ishonch va strategik sheriklik asosida qator muhim kelishuvlarga erishib, O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish ishlarini olib bormoqda. Bu loyiha mamlakatning energetika salohiyatini kengaytirish va barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya atom energetikasi sohasida hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Tomonlar o‘zaro ishonch va strategik sheriklik asosida qator muhim kelishuvlarga erishib, O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish ishlarini olib bormoqda. Bu loyiha mamlakatning energetika salohiyatini kengaytirish va barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Ahamiyatli jihati shundaki, 2024 yil 27 mayda 2018 yildagi hukumatlararo kelishuvga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi hukumatlararo bayonnoma va mos kelishuv imzolandi. Unda O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish nazarda tutilgan.
Unga ko‘ra, Jizzax viloyatida kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasining asosini eng zamonaviy rossiyalik ishlanma bo‘lgan “RITM-200N” suv-suv reaktori tashkil etadi. U kema uchun mo‘ljallangan innovatsion texnologiyani yerda joylashtirishga moslashtirish natijasidir. “RITM-200” seriyasi reaktorlari asosida yaratilgan “RITM-200N” reaktori Arktikaning qiyin sharoitida sinovdan o‘tgan yangi rossiyalik muzyorar kema reaktorlariga asoslangan.
“RITM-200N” asosidagi AES to‘liq integral komponovkaga ega, ya’ni aktiv zona parogenerator bilan bir korpusda birlashtirilgan. Bu loyiha yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish va stansiyaning eng yuqori darajada xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.
Shuningdek, joriy yil 20 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “Rosatom” davlat korporatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom”) mamlakatimizda yirik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Hujjatda “VVER-1000” turidagi ikki energiya blokini qurishning ehtimoliy amalga oshirilishi shartlari nazarda tutilgan bo‘lib, ularni to‘rt blokgacha kengaytirish imkoniyati ham mavjud. Loyiha Rossiya texnologiyalariga asoslangan bo‘lib, ular o‘z samaradorligi va xavfsizligini Rossiyada ham, xorijdagi ob’ektlarda ham isbotlagan. Masalan, Xitoy va Hindistonda qo‘llanilgan.
– Birinchidan, yangi texnologiyalarni o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Jahon atom haftaligida 120 ga yaqin davlat ishtirok etdi. Delegatsiyamiz boshqa mamlakatlar bilan muzokaralar olib bordi va zamonaviy texnologiyalarni o‘rgandi. Bir necha yo‘nalishda hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Biz bu jarayonni yanada chuqurroq o‘rganib chiqib, texnologiyalarni nafaqat energetika sohasida, balki tibbiyot, suvni tozalash va agrar sohalarda ham qo‘llashni rejalashtirmoqdamiz. Mazkur rejalar asosida loyihalar ishlab chiqilib, amalga oshirishga kirishiladi. Ikkinchi maqsad esa avval tuzilgan shartnomalarga qo‘shimcha ravishda, kichik reaktorlar bilan birga katta reaktorlar qurilishini ham amalga oshirishdir. Yaqinda o‘tkazilgan Jahon atom haftaligi doirasida qo‘shimcha shartnomalar imzolandi. Yil oxiriga qadar ushbu shartnomalar bo‘yicha muzokaralarda mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirok etadi. Shu yil oxirigacha “2+2” formatida, ya’ni integratsiyalashgan AES loyihasi bo‘yicha shartnoma imzolanib, kelgusi yildan uni amalga oshirish ishlari boshlanadi. Bunday tajriba boshqa davlatlarda hali qo‘llanilmagan va mamlakatimizda ilk bor amalga oshirilishi rejalashtirilgan. AEXA direktori ta’kidlaganidek, ushbu loyiha jahon miqyosida katta tajriba sifatida namoyon bo‘ladi, – dedi “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev.
Qayd etish lozimki, mamlakatimiz ko‘p yillardan buyon uranning muhim ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston hissasiga dunyo uran zahiralarining taxminan 4 foizi to‘g‘ri keladi va yiliga 3,5 ming tonnadan ortiq uran qazib olinadi. Shu bois, yurtimiz dunyodagi yirik uran ishlab chiqaruvchi mamlakatlar qatorida mustahkam o‘rin egallab kelmoqda. Bu sohadagi boy sanoat tajribasi atom energetikasini rivojlantirishda yangi bosqichga asos bo‘lmoqda.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston o‘z atom generatsiyasini yaratish yo‘liga qat’iy odim qo‘ymoqda. Bu tashabbus ko‘p qirrali yo‘nalishlarga ega. Jumladan, “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha mamlakatimiz tarixidagi ilk atom elektr stansiyasi (AES) sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Loyiha doirasida bir maydonda ikkita yirik quvvatli (1000 MVt) reaktor va ikkita kichik quvvatli (55 MVt) reaktor quriladi.
“Rosatom” tarkibidagi “Rusatom avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari” AJ tomonidan “RITM-200N” turidagi reaktorlar bilan jihozlangan kichik quvvatli atom stansiyasi uchun avtomatlashtirilgan texnologik boshqaruv tizimi yaratiladi. Ana shunday energobloklar nafaqat O‘zbekistonda, balki Yoqutiston Respublikasida ham quriladi.
“Rusatom avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari” AJ yuqori darajali tizimlar departamenti direktori Denis Korotkovning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi boshlangan hamkorlik o‘zbek xalqining farovon hayotini ta’minlashga xizmat qiladi.
– Biz Jahon atom haftaligida avtomatlashtirish konsepsiyasini taqdim etdik. U “RITM-200N” reaktori asosidagi kichik quvvatli atom elektr stansiyasi uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, bunday stansiyani “Rosatom” O‘zbekistonda qurishni rejalashtirmoqda. Bizning kompaniya atom elektr stansiyalariga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan stansiyani boshqarish tizimlarini loyihalash, qurish, ishlab chiqarish, yetkazib berish va joriy etish bilan shug‘ullanadi. Bu loyiha ham “RITM-200” reaktori asosidagi atom stansiyasi uchun amalga oshirilmoqda, – dedi Denis Korotkov.
Aytish joizki, mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlaydi. Ayniqsa, bir maydonda katta va kichik bloklar kombinatsiyasi tarmoq barqarorligini kuchaytiradi va integratsiyani yengillashtiradi. Katta bloklar barqaror bazaviy generatsiyani ta’minlasa, kichik bloklar pik yuklamalarni qoplaydi hamda quyosh va shamol stansiyalarining noaniq ishini muvozanatlaydi.
Atom energetikasi sohasidagi muhim yo‘nalishlardan biri kadrlar tayyorlashdir. Toshkentdagi MIFI filiali asosiy tayanadigan o‘quv muassasasi hisoblanadi. Ayni paytda bu jarayonda har tomonlama amaliy ishlar olib borilmoqda. Muhimi, O‘zbekiston 2030 yilga qadar o‘zining yetarli darajada yadro fiziklari va mutaxassislariga ega bo‘ladi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Jizzax viloyatidagi AES qurilishi nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarishni oshiradi, balki butun mintaqaning industrial rivojlanishiga xizmat qiladi. Qurilish jarayonida 12 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi, ekspluatatsiya davrida esa 2 mingdan ortiq yuqori malakali ish o‘rni ta’minlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Atomchilar shahri” ham quriladi, u “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida barpo etiladi. Bu loyiha mintaqada katta investitsiyalarni jalb qiladi hamda infratuzilma rivojiga kuchli turtki beradi.
Muxtasar aytganda, atom energetikasini rivojlantirish O‘zbekistonning barqaror energetika tizimini yaratish, sanoatni rivojlantirish va mintaqaviy taraqqiyot uchun muhim omildir. Katta va kichik reaktor bloklarining uyg‘un faoliyati tarmoq barqarorligini ta’minlab, qayta tiklanuvchi manbalarni samarali integratsiyalash imkonini beradi. AEXAning qo‘llab-quvvatlashi esa loyihaga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/ERlZJhw7m6E?si=Eu8ax1SqvHDLE_75" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Muqimjon Qodirov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj), O‘zA