O‘zbekistonning Janubiy Afrika Respublikasidagi birinchi elchisi tayinlandi. JAR Prezidenti Siril Ramafosa mamlakatimiz diplomatik missiyasi rahbari Ashraf Xo‘jayevdan ishonch yorlig‘ini qabul qildi. A.Xo‘jayev ayni payt Qatardagi elchimiz ham hisoblanadi.
Afrikaning ushbu davlati rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, marosim Pretoriyadagi Sefako Makgato qarorgohida bo‘lib o‘tgan.

Mamlakatimiz TIV matbuot xizmati aytishicha, Ashraf Xo‘jayev qarorgohi Doha shahrida bo‘lgan holda, bir vaqtning o‘zida Qatar va JARda elchi vazifasini bajaradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Janubiy Afrika Respublikasi o‘rtasida 1992 yil 12 avgustda o‘zaro nota almashinuvi vositasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan.

A.Xo‘jayev Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Pekin universitetini tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga ega.
Vazirlik tizimidagi faoliyatini 2005 yil referent sifatida boshlagan. O‘tgan yillar davomda markaziy boshqaruv tizimida, shuningdek Nyu-York shahrida joylashgan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasida va Buyuk Britaniyadagi elchixonada turli vazifalarni bajargan. 2018 yildan buyon Iqtisodiy diplomatiya departamenti boshqarma, bosh boshqarma boshlig‘i va direktori lavozimida faoliyat olib borgan.
M.Pirmatova, O‘zA