Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlardagi o‘rganishlari davomida ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Jumladan, Ekopartiya fraksiyasi a’zosi Dildora Kamolova Sirdaryo tumanidagi o‘rganishlari davomida "Farovon" mahallasida joylashgan 10-oilaviy shifokorlik punkti (OSHP) faoliyati bilan tanishdi.
O‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, OSHP binosi yaqinda to‘liq ta’mirdan chiqarilgan bo‘lib, namunaviy tibbiyot punkti sifatida faoliyat yuritmoqda. Bino ichida zamonaviy sharoitlar yaratilgan, gigiyena qoidalariga amal qilish talab darajasida yo‘lga qo‘yilgan.

Biroq mazkur tibbiyot maskanida shifokor mutaxassilar yetishmasligi eng dolzarb muammo sifatida aytib o‘tildi. Bu esa mahalliy aholining ayrim tibbiy xizmatlardan o‘z vaqtida foydalanishida qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Xalq vakili tomonidan mutasaddilarga mazkur masalaga yechim topish va zarur mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Shuningdek, deputat hududda fuqarolar bilan muloqot qilib, ularning muammolarini, takliflarini o‘rgandi. Mavjud masalalarni ijobiy hal etishni o‘z nazoratiga oldi.
M.Komilova, O‘zA