O‘zbekistonning bir qator hududlarida litsenziya va ruxsatnomalarsiz “Umra” safarlariga oid reklama tarqatilgani va bu orqali qonunbuzilish holatlari aniqlangani ma’lum qilindi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur holatlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rdi va qonun talablariga qat’iy amal qilish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.
Farg‘ona viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida fuqaro X.S. o‘zining “Umra” sahifasi orqali Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tegishli litsenziya va ruxsatnomalarsiz safar xizmatlariga oid reklama tarqatgani aniqlandi.
E’tiborli jihati, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq, faqat tegishli litsenziya va maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lgan xizmatlarnigina reklama qilishga ruxsat beriladi. Aks holda, bunday faoliyat noqonuniy hisoblanadi.
Aniqlangan holat yuzasidan fuqaroga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasini qo‘llash bo‘yicha materiallar sudga taqdim etildi.
Andijon viloyati
Andijon viloyatida ham shunga o‘xshash holat qayd etildi. “ABU ZUBAYR TRAVEL” MCHJ tegishli litsenziya va ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan holda “Umra” tadbirlarini tashkil etish bilan shug‘ullangan va Telegram tarmog‘ida ularni keng targ‘ib qilgan.
Ushbu qonunbuzilish yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan ish qo‘zg‘atilib, korxonaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida zarur ko‘rsatmalar berildi.
Buxoro viloyati
Shu kabi holatlar Buxoro viloyatida ham aniqlanib, tegishli mas’ullarga nisbatan qonun doirasida choralar ko‘rildi.
Qo‘mita eslatadi: Qonunbuzilish javobgarlikka olib keladi
Raqobat qo‘mitasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarini ogohlantiradi: litsenziya yoki maxsus ruxsatnoma talab etiluvchi xizmat va mahsulotlarni tegishli hujjatlarsiz reklama qilish amaldagi qonunchilikni buzish hisoblanadi.
Norasmiy reklama iste’molchilarni chalg‘itishi, ularning huquqlarini buzishi va insofsiz raqobat muhitini keltirib chiqarishi mumkin.
Nigora Rahmonova,
O‘zA muxbiri