Afg‘onistonda qariyb 72 soat davom etgan umumiy uzilishdan so‘ng internet va telekommunikatsiyadan foydalanish xizmati tiklandi. Bu haqda “Khaama press” nashri mamlakatning turli mintaqalaridagi manbalariga tayanib yozdi.
"Afghanistan International” tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, internetga ulanish Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Hasan Oxund buyrug‘i bilan tiklangan. Avvalroq ayrim ommaviy axborot vositalari orqali, go‘yo, mamlakatda internetga ulanish umummilliy darajada taqiqlangani haqida xabar tarqalgandi. Hukumat ushbu axborotni keskin inkor etib, haqiqatga to‘g‘ri kelmasiligini ma’lum qildi. Rasmiylar ta’kidlashicha, hodisa ayni payt almashtirilayotgan optik tolali infratuzilma yomonlashuvi tufayli yuzaga kelgan.
– Mazkur bayonot Tolibon hukumatining bank, savdo, aviatsiya va millionlab afg‘onlar kundalik hayotiga ta’sir ko‘rsatgan keng ko‘lamli aloqa uzilishiga ilk rasmiy javobi bo‘ldi, – deyilgan xabarda.
S.Rahimov, O‘zA