Namanganda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ichki ishlar tizimi xodimlariga munosib tuhfa – zamonaviy ma’muriy va o‘quv binosi hamda “Cobalt”, “BYD” rusumli xizmat mashinalari topshirildi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi patrul-post xizmati bataloni uchun yangi ma’muriy va o‘quv binolari chinakam tuhfa bo‘ldi. Uning tantanali ochilishida Respublika Ichki ishlar vazirligi va Namangan viloyati hokimligi mutasaddilari, soha faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbir avvalida, Prezidentimizning O‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Ichki ishlar organlari tizimida yosh kadrlarni tayyorlashda ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyos ekanligi, ularning amaliy ko‘magi va hayotiy o‘gitlari soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Yangi, zamonaviy ma’muriy bino barcha talablarga javob beradi. Bu yerda patrul-post xizmati bataloni, yo‘l harakati xavfsizligi hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari xodimlari uchun xizmat va o‘quv xonalari, 102 o‘rinli dam olish xonalari tashkil etilgan. Inshoot zamonaviy raqamli texnologiyalar, texnik vositalar hamda shinam mebellar bilan jihozlangan bo‘lib, xodimlarga munosib xizmat sharoiti yaratilgan.

Bayram sharofati bilan ishtirokchilar viloyatda uzoq yillar samarali xizmat olib borgan tizim faxriylarining xonadonlarida ham bo‘lib, ular bilan samimiy suhbat qurishdi.
Jumladan, faxriy, iste’fodagi podpolkovnik Mahmudjon Jo‘rayev qutlug‘ 95 yoshni qarshiladi. Ikkinchi jahon urushi front orti qatnashchi o‘ttiz besh yillik mashaqqatli va sharafli xizmatdan so‘ng, qariyb qirq yildan buyon yosh xodimlarga murabbiylik qilib, keng ko‘lamli xizmat tajribasi bilan o‘rtoqlashib kelmoqda.

Joriy yilda muborak 90 yoshga to‘lgan iste’fodagi podpolkovnik Erkin Murodov esa uzoq yillar davomida Andijon va Namangan viloyatlarida xodimlarga ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha tarbiya berib kelganiga qaramasdan, faxriylik gashtini surish davrida o‘ttiz yildan buyon yosh xodimlarni hayot saboqlaridan bahramand etmoqda.
Bu fidoyi faxriylarga esdalik sovg‘alari taqdim qilinib, ustozlarning bugungi ichki ishlar idoralari uchun mustahkam tayanch ekanligi e’tirof etildi.
Bayram tadbirlarida Respublika Ichki ishlar vaziri, general-mayor Aziz Toshpo‘latov, Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.