Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda blog yuritish har bir inson uchun oddiy holga aylangan. Endilikda bu platformalar nafaqat rasm va videolar ulashish joyi, balki turli kasb egalari uchun o‘z faoliyatini ko‘rsatish, mijozlar bazasini kengaytirish va professional portfolio sifatida xizmat qilmoqda.
Blog yuritishning ijobiy jihatlari ko‘p. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlardagi blog orqali inson o‘zini keng auditoriyaga tanitishi, ish faoliyatini namoyish qilib, mijoz oqimini oshirishi mumkin. Shuningdek, bloglar orqali mutaxassislar yangi xizmatlar va mahsulotlarini targ‘ib qiladilar, o‘z sohasidagi yangiliklar va bilimlarini boshqalar bilan bo‘lishadilar.
Ijtimoiy tarmoqlar millionlab foydalanuvchilarga ega bo‘lib, bu platformalar mutaxassisga o‘z xizmatlarini ko‘rsatishda keng imkoniyatlar yaratadi. Blog orqali mutaxassislar o‘z shaxsiy brendini yaratishi va mijozlar bilan oson aloqaga kirishishi mumkin. Bu orqali ishonchli shaxsiy imijini yaratib, keng auditoriyaga ega bo‘la oladi. Qolaversa, ish namunalar, tavsiyalar, muvaffaqiyatli natijalar bilan mutaxassis o‘z tajribasini namoyon etishi mumkin.
Shu bilan birga, blog yuritishda ayrim salbiy holatlar ham uchrab turadi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi bilan har bir kishining mutaxassis bo‘lib ko‘rinishga intilishi natijasida sifatli xizmat ko‘rsatish mezonlari pasayib bormoqda. Misol uchun, ba’zi mutaxassislar boshqalar qo‘ygan ishlarni o‘z bloglariga joylaydi va xizmat sifati professional mutaxassisnikidan ancha past bo‘ladi. Mijozlar esa obunachi va ko‘rishlar soniga qarab mutaxassis tanlashi bu kabi soxta mutaxassislarning bozori kengayishiga ham sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, tibbiyot, ta’lim, kosmetologiya kabi sohalarda sifat nazorati yetarli emasligi ko‘p muammolarni keltirib chiqaryapti.
Masalan, ayrim oddiy kosmetologlar blefaroplastika kabi murakkab amaliyotlarni bajarishga urinib, bemorlarda nojo‘ya ta’sirlar keltirib chiqarmoqda. Yoki o‘qituvchilar qisqa muddatda IELTS sertifikatiga ega bo‘lishiga va’da berib, aslida esa umuman qoniqarsiz darslar olib borayotgani ham kundalik hayotimizda tez-tez sodir bo‘ladigan voqealardan biri. Bu kabi holatlar jiddiy xavotir uyg‘otib, ijtimoiy tarmoqlarda mutaxassis tanlashda ehtiyotkorlik zarurligini ko‘rsatmoqda.
Har bir inson ijtimoiy tarmoqlarda mutaxassis tanlashdan avval, blogdagi faoliyatga emas, balki mutaxassisning malaka va ish tajribasiga asoslangan tanlov qilishi muhim. Mutaxassisning ta’lim olganligi to‘g‘risidagi diplom va sertifikatlarini ham tekshirish uning tajribasi va bilimini tekshirish uchun ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Har qanday xizmatda sifatga alohida e’tibor berish, natijalar bilan baholash kerak.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z faoliyatini namoyish qilish imkoniyati ko‘plab kasb egalari uchun juda katta afzallikdir. Biroq, bu imkoniyatlardan foydalangan holda xizmat sifatining pasayishi va yolg‘on reklama holatlari ko‘paymoqda. Shuning uchun har bir inson o‘ziga kerakli mutaxassisni tanlashda faqatgina ijtimoiy tarmoqdagi blogiga emas, balki uning haqiqiy bilim va tajribasiga ham e’tibor berishi lozim.
Bundan tashqari, mutaxassislar ham o‘z faoliyatini haqiqatga mos, sifatli va halol tarzda olib borishlari zarur. Bu nafaqat ularning obro‘-e’tiborini oshiradi, balki mijozlar bilan uzoq muddatli va ishonchli munosabatlarni mustahkamlaydi. Shunday qilib, ijtimoiy tarmoqlar dunyosida sifatli xizmat ko‘rsatish va haqiqiy malakali mutaxassislarni aniqlash uchun bilim, tajriba va sharhlar asosida tanlov qilish bugungi kunda eng muhim mezon hisoblanadi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA