2 oktyabr O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan kun
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy va madaniy ildizlarga ega bo‘lib, bu ikki xalqni nafaqat umumiy turkiy meros, balki o‘xshash an’analar, tili va dini ham birlashtirib turadi. Ma’lumki, 1995 yil 2 oktyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Protokol imzolandi. 1996 yildan boshlab Toshkentda Ozarbayjon elchixonasi faoliyat yurita boshladi. Boku shahridagi O‘zbekiston elchixonasi esa 1998 yildan e’tiboran ish boshlagan.
Qayd etish joiz, madaniy va ma’naviy qadriyatlarga asoslangan rishtalar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va birodarlik tuyg‘ulari bilan mustahkamlangan. Bunda ikki davlat rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning shaxsiy ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayni shu sa’y-harakatlar tufayli ikki o‘lka munosabatlari strategik hamkorlik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Bu siyosatdan tortib, iqtisodiyot, ijtimoiy, gumanitar, ta’lim va madaniyat sohalarini qamrab olmoqda.

Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasida an’anaviy hamkorlik yo‘nalishlar bilan bir qatorda energetika, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi va yuqori texnologiyalar kabi strategik yo‘nalishlar vujudga keldi va rivojlanib bormoqda. Jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 253 million dollarga yetib, qo‘shma korxonalar soni 5 barobar oshdi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 240 dan ortiq kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, Ozarbayjon bozorida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston kompaniyalari soni 70 taga yetdi.
Hukumatlararo qo‘shma komissiya tuzildi, to‘qimachilik, kimyo va logistika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ozarbayjon biznes doiralari Navoiy va Jizzax viloyatlariga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirgan. Qolaversa, ikki davlat transport va logistika koridorlari yo‘nalishida ham amaliy harakatlarni boshlagan.
Tomonlar eksport uchun barqaror va siyosiy jihatdan mustaqil muqobil yo‘nalish sifatida qaraladigan O‘rta yo‘lak, Trans-Kaspiy yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Joriy yilning iyul oyi boshida Bokudagi «Zagulba» qarorgohida bo‘lib o‘tgan Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarida o‘ziga xos yangi bir bosqichni boshlab berdi, deyish mumkin. Davlatimiz rahbarining Ozarbayjonga uyushtirilgan davlat tashrifi esa o‘zaro ishonch va strategik qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.
E’tiborlisi, mazkur tashrif va Kengash majlisi ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lgan yilda o‘tkazildi. Bu voqea nafaqat ramziy, balki chuqur amaliy ahamiyatga ham ega. Shu ma’noda, Toshkent va Boku o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va transport aloqalari avvallari hech qachon kuzatilmagan darajada kengaydi. Prezidenti ta’biri bilan aytganda «Tarixda hech qachon munosabatlarimiz hozirgidek oliy darajaga ko‘tarilmagan».
Yana bir gap: Ozarbayjonning iqtisodiy muvaffaqiyatlari energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalarida O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos yaratmoqda. Bu munosabatlarni yanada chuqurlashtirish ikki mamlakat iqtisodiyotlarini yagona makon doirasida integratsiya qilishning yangi imkoniyatlarini ochmoqda.
Masalan, so‘nggi 3 yilda uchta hududlararo forum o‘tkazildi. Samarqand – Ganja, Xiva – Shusha, Buxoro – Lenkoran, Qo‘qon – Sheki, Namangan – Mingechaur, Guliston – Fizuli, Termiz – Bilyasuvar shaharlari o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatilgan. Ikki o‘lkaning 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik dasturlari amalga oshirilmoqda. Bu raqamlar O‘zbekiston tashqi siyosatida Ozarbayjon bilan aloqalar ustuvor ekanining amaliy isbotidir.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA