Yevropa Ittifoqi mas’ullari “Dron devori” masalasida yig‘ilish o‘tkazdi. Videokonferensiya shaklida uyushtirilgan majlisga Mudofaa va koinot bo‘yicha Yevropa komissari Andrius Kubilius raislik qilgan. “Yevronyus” telekanali shu haqda xabar tarqatdi.
Muzokarada YeI tarkibidagi Bolgariya, Estoniya, Finlyandiya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya singari Rossiyaga yaqin joylashgan mamlakatlari mudofaa vazirlari ishtirok etgan.
Avvalroq yig‘inda qatnashmasligini e’lon qilgan Vengriya va Slovakiya ham keyinroq muloqotga qo‘shilgan. Ishtirokchilar Rossiyaning uchuvchisiz uchoqlaridan himoyalanish bo‘yicha “bebaho, jangovar sinovdan o‘tgan tajriba” bilan o‘rtoqlashgan Ukraina mudofaa vaziri bilan alohida majlis o‘tkazishdi.
Shu tariqa mamlakatlar “Sharqiy qanot kuzatuvi” loyihasi bo‘yicha “Dron devori”ga asoslangan kelishuvga erishgan. Shuningdek, tomonlar Ukraina bilan birga ushbu mudofaa tashabbusini amalga oshirish bo‘yicha umumiy qarashni himoya qilishga kelishib olgan.
Ma’lumki, bugungi kunda dronni aniqlash, kuzatish va tutib olishda ilg‘or texnologiyadan foydalanish ustuvorlik kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan “Dron devori”ni yaratish hamda yerdagi mudofaa tizimi, jumladan harakatchanlikka qarshi imkoniyatni joylashtirish masalasi ham muhim. Qolaversa, Boltiq bo‘yi va Qora dengizda xavfsizlikni mustahkamlash hamda vaziyatdan xabardorlikni oshirish uchun fazoviy texnologiyadan foydalanish mavzusi ham muhokama markaziga chiqmoqda.
Oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Yevropa kengashi yig‘ilishida ushbu tashabbus batafsil muhokama qilinishi kutilyapti. Xususan, YeI “Dron devori”ni moliyalashtirish uchun maxsus vosita yaratish rejalashtirilgan.
S.Rahimov, O‘zA