Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga chek qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
2025 yil 28 sentyabrda kuchga kirgan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun shu yo‘nalishdagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov qonunning muhim jihatlari haqida gapirib berdi:
– Konstitutsiyaga ko‘ra, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilda Ombudsmanga huquq-tartibot organlari tomonidan tezkor-qidiruv faoliyati va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha kelib tushgan 1 ming 131 murojaatning eng ko‘pi ichki ishlar (74,3 foizi) hamda prokuratura (16,4 foizi) organlari xodimlarining xatti-harakatlaridan noroziligi yuzasidan kelib tushgan.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani haqida 191 shikoyat qayd etilgan.
Mazkur shikoyatlarning 16 tasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi qarorlar tegishli prokurorlar tomonidan bekor qilingan.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari natijasida 13 shikoyat yuzasidan 15 nafar xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. 3 shikoyat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bu esa, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish tarzidagi chora qo‘llanilgan shaxslarning qiynoqqa solinishi holatlarini aniqlash va uning oldini olish maqsadida ushbu ehtiyot chorasini qo‘llash chog‘ida gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin ularni tergov hibsxonalarining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartib-taomilini joriy etish zarurati yuzaga kelganini ko‘rsatadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan xolda, shu bilan birga, davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda u bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ishlab chiqilgan.
Qonun bilan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonun qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin ular tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini nazarda tutuvchi yangi-27-1-modda bilan to‘ldirildi.
Unda qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rik ular tergov hibsxonasiga olib kelingan paytdan e’tiboran ikki soat ichida tibbiy xodim tomonidan o‘tkazilishi belgilandi.
Majburiy tibbiy ko‘rikni o‘tkazishda qamoqqa olinganning roziligi bilan uning advokati ham ishtirok etishi mumkin. Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha belgilangan namunadagi tibbiy ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi.
Tibbiy ma’lumotnomaning nusxalarini berish tartiblari qonunda ko‘rsatilgan. Majburiy tibbiy ko‘rik chog‘ida qamoqqa olinganning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda, ular tegishli tartibda qayd etilib, bu haqda qamoqqa olinganga ma’lum qilinadi. Bu haqda zudlik bilan prokurorga xabar beriladi.
Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan qamoqqa olinganlar boshqa joyga o‘tkazilganda yoki protsessual harakatlar o‘tkazish uchun olib chiqilib, tergov hibsxonasiga qaytarilganda ular ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ham mustahkamlab qo‘yildi.
Qonun insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlari yanada mustahkamlanishiga, davlatimizning inson huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi nufuzi oshishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA