Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Qurolli kuchlar kunining 77 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida barchani mamlakat suvereniteti yo‘lida tinchlikka tahdidlarga qarshi turish, kuchli va mustaqil Qurolli kuchlarni barpo etishga chaqirdi.
Shu bilan birga zamonaviy qurol-yaroq, jumladan uchuvchisiz samolyotlar, sun’iy intellekt va robot isho‘lab chiqarilishini faol qo‘llab-quvvatlash uchun sarmoya kiritilishiga va’da berdi. Tadbir hukumat televideniyesi orqali namoyish qilib borildi.
– Tez o‘zgaruvchan xavfsizlik muhitiga munosib javob berish uchun kuchli mustaqil mudofaa yo‘lidan olg‘a borishimiz kerak, – dedi Li Chje Myon. – Janubiy Koreya nafaqat harbiy qudrat, balki iqtisodiy va madaniy salohiyatga ham ega “eng kuchli davlatlar” qatoridan mustahkam o‘rin egallaydi.
Davlat rahbari “kuchli mustaqil mudofaa orzusi”ni amalga oshirish uchun uch majburiyatni tilga oldi:
– Birinchisi – harbiy islohot. Armiyani kelajakda jang maydonida hukmronlik qiladigan, doimiy ravishda g‘alaba qozonadigan aqlli, nufuzli va zamonaviy kuchga aylantirishga va’da beramiz.
Mamlakat mudofaa byudjeti o‘tgan yilga nisbatan 8,2 foiz oshirilishi eslatilib, bir vaqtning o‘zida harbiy quvvatni mustahkamlash va iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish uchun mudofaa sanoati rivojlantirilishini ta’kidlandi. Shuningdek, texnologiyaga faol sarmoya kiritish, mudofaa sanoati ekologiya tizimini qo‘llab-quvvatlash va mudofaa qudratini oshirish ham mamlakat iqtisodiyotini harakatlantiruvchi vositaga aylanishiga urg‘u berildi:
– Biz sarmoyani zamonaviy qurol, jumladan jangovar robot, avtonom dron, sun’iy intellekt, yuqori aniqlikda uchadigan raketalar nazarda tutilgan yangi strategik texnologiyaga qaratamiz.
Prezident urush payti qo‘shin ustidan tezkor nazoratni tiklash va Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan birga yagona mudofaani mustaqil boshqarishga va’da berdi:
– AQSH bilan mustahkam ittifoqqa tayangan va ishonchli yadroviy tiyib turuvchi kuchga ega bo‘lgan, qadriyatlarimizni qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar bilan aloqani mustahkamlayapmiz. Bundan buyon Koreya Qurolli kuchlari har qanday tahdidga qarshi tura oluvchi, kuchli mudofaa tizimiga ega, odamlar hayoti va mulkini himoya qilishga qat’iy sodiq qudratli kuchga aylanadi.
S.Rahimov, O‘zA