Bugun, 2 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi stadionida mamlakatimiz sport jurnalistikasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan, o‘zbek futbol sharhlovchilik maktabining asoschilaridan biri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Axbor Imomxo‘jayev xotirasiga bag‘ishlab uchinchi marta o‘tkazilayotgan musobaqaning g‘olib va sovrindorlari nomi ma’lum bo‘ladi.
Turnirning bu yilgi final musobaqasida O‘zbekiston futzal federatsiyasi jamoasi “Bunyodkor” futbol klubi faxriylari jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi.
Aytish lozim, turnirning “A” guruhida qatnashgan O‘zbekiston futzal federatsiyasi jamoasi o‘z guruhida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi jamoasini 4:2, “Sport-TV”ni – 7:0, “Markaziy sektor”ni – 13:0 hisobida mag‘lub etib, final yo‘llanmasi sohibi bo‘ldi.

Ikkinchi finalchi “Bunyodkor” esa “B” guruhida “Sport.uz” (2:0), “Tong” (8:2) va “Championat.asia” (4:0) jamoalaridan ustun kelib, bosh sovringa da’vogarlik maqomiga ko‘tarildi.
Shuningdek bugun 3-o‘rin uchun kechadigan bahsda “Paxtakor” Milliy olimpiya qo‘mitasi jamoasi bilan kuch sinashsa, 5-o‘rinni qo‘lga kiritadigan jamoalar nomi “Sulola” hamda “Sport.uz” qarama-qarshiligidagi o‘yin natijasida ma’lum bo‘ladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA