Hindistonning Nyu-Dehli shahrida davom etayotgan para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi hisobidagi medallar soni 2 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronzaga yetdi.
Jumladan, chempionatning navbatdagi kunida erkaklar o‘rtasidagi yadro uloqtirish (F32) bahslari finalida qatnashgan hamyurtimiz Jasur Xo‘jayev 9.96 metr natija qayd etgan holda mavsumdagi eng yaxshi natijasiga ega chiqib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, musobaqa davomida chiqish qilgan sportchilarimizdan Yorqinbek Odilov hamda Ilhom Turg‘unov F57 toifasida disk uloqtirish, Faxriddin Hamroyev T12 klassida 400 metr masofaga yugurish bellashuvlari finaliga yo‘l oldi.
Bugun, 2 oktyabr kuni jahon chempionatining oltinchi kungi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasining 7 nafar a’zosi turli yo‘nalishlarda bahsga qo‘shiladi. Bellashuvlar jadvaliga ko‘ra, bir nechta sportchilar final bosqichida medal uchun kurash olib boradi.
Jumladan, Qudratulloxon Ma’rufxo‘jayev va Tolibboy Yo‘ldoshev F37 toifasida disk uloqtirish bo‘yicha finalda qatnashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA