Investitsiyalar iqtisodiy o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Investitsiya loyihalarining davlatlararo hamkorlik asosida amalga oshirilishi yanada kengroq imkoniyatlarni ochishi bilan birga, moliyaviy, siyosiy, diplomatik va madaniy yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Buni O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar misolida ham ko‘rish mumkin.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi (AUIC) bosh direktori o‘rinbosari Sardor Habibullayev bilan kompaniya faoliyati, hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning ikki mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyati xususida suhbatlashdi.
— Kompaniya o‘z strategiyasini shakllantirishda qanday mezonlarga tayanadi?
— Barchamizga ma’lumki, azaldan qardosh va do‘st bo‘lgan o‘zbek va ozar xalqlari o‘rtasida juda ko‘p o‘xshashliklar bor. Xususan, tilimiz, urf-odatlarimiz mushtarakligi o‘zaro hamkorlik uchun ko‘plab yangi imkoniyatlarni ochadi. Kompaniyamiz o‘z investitsiya dasturi va strategiyasini ana shu imkoniyatlardan foydalangan holda shakllantiradi. Asosiy missiyamiz – ikki davlatning iqtisodiy integratsiyalashuvini jadallashtirish. Korxonaga faqat sarmoya kiritish emas, balki uni yangi darajaga olib chiqish, korporativ madaniyatini shakllantirish ham asosiy maqsadlarimizdandir. Korxona tanlashda o‘zimizning ichki mezonlarimiz bor. Ulardan biri minimal ichki daromadlilik ko‘rsatkichi hisoblanadi va u 12 foizdan yuqori bo‘lishi kerak. Kompaniyamiz 1 milliondan 25 million dollargacha bo‘lgan miqdorda sarmoya kiritib, minoritar ulushga ega bo‘lish tarafdoridir.
— Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va maqsadlari nimalardan iborat?
— Kompaniyamiz ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan 2023 yilning dekabrida tashkil etilgan. Bosh qarorgohimiz Toshkent shahrida joylashgan. Yaqinda Bakuda ham vakolatxona ochishni rejalashtirganmiz. Bundan maqsad tadbirkorlarga yanada ko‘proq qulayliklar yaratishdir. Bugungi kunda kompaniyamizning ustav kapitali 500 million dollarni tashkil etadi. Ishlab chiqarish va qayta ishlab chiqarish biz uchun jozibali yo‘nalishlar hisoblanadi. Biroq, bu borada o‘zimizning qat’iy tamoyillarimiz bor. Xususan, tamaki, spirtli ichimliklar va qonunchilikda taqiqlangan boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan loyihalarni moliyalashtirmaymiz.
— Investitsiya kompaniyalari orasida AUIC qanday o‘rin tutadi? Uning shu turdagi boshqa tashkilotlardan farqi nimada?
— O‘zbekistondagi investitsiya kompaniyalari bilan do‘stona aloqalar o‘rnatganmiz va ular bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Shu turdagi boshqa kompaniyalardan farqli o‘laroq, biz o‘rta biznes loyihalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu degani, loyihaga kamida 1 million dollar sarmoya kiritamiz. Asosiy maqsadimiz istiqbolli loyihalar va yuqori texnologiyali tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdir.
— O‘zbekiston iqtisodiyotining qaysi tarmoqlari AUIC uchun dolzarb hisoblanadi?
— Ish faoliyatimizda moliyaviy texnologiyalar, AT, raqamli yechimlarni joriy qilish va yangi eksport bozorlariga chiqishni maqsad qilgan korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu mintaqadagi davlatlardan tashqari 80 milliondan ortiq iste’molchi degani. Hozirda Afg‘oniston bozoriga ham kirish imkoniyati ochilmoqda. Buning natijasida esa 40 millionga yakin yangi iste’molchi qo‘shiladi.
— Loyihalarni tanlashda qanday mezonlarga e’tibor qaratiladi?
— Korxonamizdagi investitsion jarayon bir nechta bosqichni o‘z ichiga oladi. Har bir loyiha to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bir nechta manba orqali olishimiz mumkin. Dastlab, arizani to‘liq ko‘rib chiqamiz va loyiha talablarimizga qanchalik mos kelishini baholaymiz. Keyingi bosqichda biznes-reja va moliyaviy modelni chuqur o‘rganamiz. Bunda korxonaning nafaqat moliyaviy natijalari, balki maqsadlari ham inobatga olinadi. Baholash jarayonida shaffoflik darajasi, turli xatarlarning oldini olish uchun ko‘rilgan choralarga e’tibor qaratiladi. Ichki o‘rganishdan so‘ng loyihani huquqiy, texnik, moliyaviy va boshqa tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda chuqur tahlil qilamiz. Xulosalar ijobiy bo‘lsa, loyihani moliyalashtirish taklifi kuzatuv kengashiga kiritiladi. Loyiha tasdiqlangach, sarmoya kiritish jarayoniga o‘tamiz. Passiv investor sifatida ishtirok etishimizni inobatga olib, davlat muassasalaridan tegishli ruxsatnomalarni olish loyiha tashabbuskori zimmasida bo‘ladi. Sarmoya kiritgach, keyingi bosqich – sheriklik funksiyasini bajarashiga o‘tamiz. Biz korxonada korporativ tizim joriy qilinishi va har bir xodim o‘z vazifasini, ya’ni korxona direktori umumiy boshqaruv, huquqiy ekspert huquqiy masalalar bilan shug‘ullanishi tarafdorimiz. Zero, xarajatlarni qisqartirish maqsadida bir xodimga ko‘plab vazifalarni yuklash ish samaradorligiga salbiy ta’sir qiladi.
— Loyihalarni amalga oshirish jarayonida AUIC qanday monitoring va nazorat funksiyalarini bajaradi?
— Sarmoya kiritgandan so‘ng, nazoratni qanday o‘rnatamiz? Avvalo, korxonadan moliyaviy hisobotlarni talab etamiz. Kompaniyamiz bilan hamkorlikda ishlashning asosiy afzalligi shundaki, biz 5 yil ichida korxonani oyoqqa turg‘izib, asosiy hamkorga o‘z ulushimizni bozor qiymatida sotish orqali biznesdan chiqib ketish majburiyatini zimmamizga olamiz.
—AUIC davlat organlari bilan qanday hamkorlik qiladi?
— Biz “aql markazi” sifatida ishlashni tanlaymiz, ya’ni yangi biznes g‘oyalarni ilgari suramiz. Masalan, ana shunday biznes g‘oya asosida hozirda Toshkent shahrida eng katta xalqaro maktab qurilmoqda. Mazkur loyihani yana bir investitsiya kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiryapmiz. Har bir loyiha sog‘lom raqobat asosida va bozor talablariga to‘liq amal qilgan holda hayotga tatbiq etiladi. Asosiy vazifamiz iqtisodiyotda qo‘shimcha qiymat va uzoq muddatli ish o‘rinlarini yaratishdir. Qurilish loyihalari esa bu mezonlarga to‘g‘ri kelmaydi, shu bois ularda sherik sifatida ishtirok etmaymiz. Faqat xususiy korxonalar bilan hamkorlik qilib, ularning minoritar ulushini (49 foizgacha) xarid qilamiz. Ish jarayonida korxonaning kunlik operatsion amaliyotlariga aralashmay, faqat kuzatuv kengashiga vakilimizni kiritish orqali strategik qarorlarni qabul qilishda o‘z ishtirokimizni ta’minlaymiz.
— Hamkorlik loyiha yakunlanganidan keyin ham davom etadimi?
— AUIC bor yo‘g‘i bir yarim yildan buyon faoliyat yuritib kelayotganiga qaramay, 110 tadan ko‘p loyihani ko‘rib chiqdi. Ulardan 6 tasi kuzatuv kengashi qarori bilan tasdiqlandi. Investitsiya kiritgandan so‘ng, tijoriy loyihalardan 5 yil, infratuzilmaviy loiyhalardan esa 8 yil oralig‘ida chiqib ketish majburiyatini o‘z zimmamizga olamiz.
— Mazmunli suhbat uchun rahmat!
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/wyGql0VDr3w" title="Sardor Habibullayev:«AUIC O‘zbekiston Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning muhim ko‘prigi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Aziza Alimova suhbatlashdi, O‘zA