1 oktyabr – mamlakatimizda ulug‘ va muqaddas sanalgan bayramlardan biri – O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Bu kun nafaqat bilim maskanlarida, balki butun yurtimizda alohida e’tibor va ehtirom bilan nishonlanadi. Chunki ustoz va murabbiy – har bir insonning hayotida yo‘lboshchi, qalbida yo‘l yorituvchi ma’naviy chirog‘dir.
Shu munosabat bilan Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida Qashqadaryo viloyat hokimligi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Murotjon Azimov va sektor rahbarlari, ta’lim sohasi vakillari va boshqalar ishtirok etdi. Bayramona ruhda kechgan tadbirda viloyat rahbari barcha ustoz va murabbiylarni chin dildan tabriklab, ularning kelajak avlod tarbiyasidagi beqiyos xizmatlarini alohida qayd etdi.
[gallery-25558]
Tantana chog‘ida ta’lim sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi o‘qituvchilar va xodimlarga “Xalq ta’limi fidoyisi”, “Xalq ta’limi a’lochisi”, “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” hamda “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi. Bu e’tiroflar nafaqat mukofot, balki ustozlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Shuningdek, viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan maktablarning matematika va fizika fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan “Prokuror sovrini” olimpiadasi g‘oliblari ham taqdirlandi. Ularga qimmatbaho sovg‘alar berildi. Ayni paytda, har ikkala fan bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilar xorijiy ta’lim sayohati yo‘llanmasi bilan taqdirlangani tadbirning eng muhim voqeasi sifatida e’tirof etildi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat ustozlarning mehnatini munosib qadrlaydi, balki yosh avlodni tarbiyalash jarayonida yanada katta mas’uliyat va ruhiy quvvat bag‘ishlaydi. Chunki ustozning nufuzi qanchalik baland bo‘lsa, jamiyatning ma’naviy qiyofasi ham shunchalik yuksak bo‘ladi.
Bayram munosabati bilan tadbirlar viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari