Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda Italiyaning Tushia universiteti o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma kampusning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur qo‘shma kampus g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining 2025 yil 29 may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida ilgari surilib, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikning yangi yo‘nalishi sifatida belgilangan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Italiyaning Tushia universiteti o‘rtasida rasmiy kelishuv imzolangandi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Italiyaning Tushia universiteti rektori, professor Stefano Ubertini boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda tomonlar o‘rtasida ikki bakalavriat va ikki magistratura yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Jumladan, agronomiya, oziq-ovqat fanlari va texnologiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavr, organik dehqonchilik hamda doiraviy iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura mutaxassisliklari ochish rejalashtirildi.

– Qo‘shma dasturlar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalariga tayangan holda tashkil etiladi, – deydi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor Shavkat Hasanov. – Talabalar o‘qish davomida ikki davlatdagi oliy ta’lim muassasalarida navbatma-navbat tahsil olishlari, o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tugatgach O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari tomonidan tan olinadigan ikki tomonlama diplomga ega bo‘lishlari ko‘zda tutilgan. Bu esa bitiruvchilarga nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro mehnat bozorida ham keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

Mazkur qo‘shma kampusning tashkil etilishi O‘zbekiston ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlar, zamonaviy agrotexnologiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, organik dehqonchilik va doiraviy iqtisodiyot kabi dolzarb yo‘nalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi bilan bir qatorda, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Qo‘shma ta’lim dasturi doirasida talabalar uchun xalqaro stipendiya va grantlar joriy etiladi, akademik almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi, ikki davlat olimlari va tadqiqotchilari uchun qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshiriladi, yoshlar uchun xalqaro amaliyot va stajirovkalar tashkil qilinadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari