AQSH Prezidenti yana xorijiy kino sanoatini nishonga oldi.
U dushanba kuni e’lon qilgan bayonotida mamlakat tashqarisida ishlangan barcha filmlarga 100 foizlik boj joriy etilishini aytdi.
– Kino sanoatimiz boshqa davlatlar tomonidan o‘g‘irlanyapti, bu xuddi boladan qant tortib olishdek oson kechyapti. Ayniqsa, Kaliforniya bundan jiddiy zarar ko‘rmoqda. Shuning uchun AQSHdan tashqarida yaratilgan har qanday filmga 100 foiz boj solamiz. "Make America great again", – deb yozdi Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘ida.
Yetakchi 2024 yil mayda Savdo vazirligi va Savdo vakiliga ayni chorani amalga oshirishga ruxsat bergan edi. Iyul oyida AQSH – YeI savdo kelishuvi imzolangan bo‘lsa-da, hujjatda kino sanoati umuman tilga olinmagan. Yevropa kino sohasi vakillari may oyidayoq bu tahdiddan xavotir bildirgan, YeI muzokarada ularning manfaati himoya qilinmasligi mumkinligini aytgan.
AQSH kino va media sanoatini himoya qiluvchi “Motion Picture Association” (MPA) tashkiloti esa Tramp ma’muriyatiga murojaat qilib, Yevropa qonunchiligi tufayli Amerikaning yirik striming platformalari qiyin ahvolga tushib qolayotganini bildirdi. Ya’ni, YeI hududida xizmat ko‘rsatuvchi platformalar katalogining kamida 30 foizini Yevropa filmlari tashkil etishi shart.
Yevropa Audiovizual observatoriyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil Qo‘shma Shtatlarda 4,8 million Yevropa filmi namoyish etilgan. Yevrokomissiya hozircha Trampning bayonotiga munosabat bildirmadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA