O‘qituvchilarning maktabdan tashqari yana eng ko‘p boradigan joylari – kutubxona. Ustozlar va kutubxona xodimlari o‘rtasida ajib bog‘liqlik bor. Bu ham bo‘lsa – ma’rifat ulashish. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyevani “Kitoblar malikasi” deb atashadi. Sababi, Umida opa kitob, umuman, ma’rifat targ‘ibotida mamlakatimizning eng peshqadam ziyolilaridan. Umida opa bolalikda jurnalist bo‘lishni orzu qilganlar. Lekin shuni aniq bilamanki, bu inson ma’rifat va ezgulik targ‘ibotiga jurnalistlardan ham ko‘proq hissa qo‘shganlar.
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva bilan suhbatlashdik.
–Har bir insonning ma’naviy kamoloti, orzularining yuzaga chiqishi ustozlar bilan bevosita bog‘liq. Sizning yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishingizda ustozlarning o‘rni qanday?
– Insonning umrini ustozlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘gitlari bilan qalbimizga malhamdek o‘rnashgan mo‘’tabar insonlarning qiyofalari beixtiyor ko‘z o‘ngimizda gavdalanaveradi. Ular haqida o‘ylar ekansan, qalbingda qarzdorlik tuyg‘usi qo‘zg‘alaveradi, ehtiroming ortaveradi.
Bir donishmand shogirdlaridan so‘radi:
-Dunyoda inson uchun eng yaxshi narsa nima?
- Komil aql, - dedi biri.
- Yaxshi do‘st, - dedi yana biri.
- Chora-tadbir, - deb javob berdi uchinchisi.
Donishmand ularning fikrlarini inkor qilmadi. Nihoyat, so‘nggi shogird:
- Inson uchun eng yaxshi narsa pok qalb, dedi.
Donishmand uning so‘zini ma’qulladi:
- Barakalla, insonda pok qalb bo‘lsa, avvalgilarning hammasi bo‘ladi.
Ana shunday pok qalbli ustozlarimning, eng avvalboshi onajonim bo‘lsa, hozirgi Umidaxonning yutuqlariga katta sababchi bo‘lgan, bevosita kitobdan mehr topib, javohirlarini ulashgan ustozim Hamroxon Mamatraimova hisoblanadi. Bir qarashda yumshoqqina (jussalari kichkina bo‘lganlari uchundir) ko‘rinsalar ham, ammo prinsipial xarakterli, qattiqqo‘l, o‘z fanini mukammal biladigan, ushlagan joylaridan uzib oladigan, eng muhimi “tanish-bilishlar”ni umuman tan olmaydigan, faqat va faqat o‘qib uqqanlarni hurmat qiladigan inson.
Ustozim sababli Abdulla Qodiriy nomidagi stipendiya sohibi ham bo‘ldim, birga bitta kafedrada ishlab, o‘qituvchilik ham qildim. Inson sifatida ustozim olijanob, kamtar, mehribon, samimiy, zehnlari o‘tkir, yolg‘ondan, ko‘zbo‘yamachilikdan nafratlanadigan, to‘g‘ri gapni ayamay yuzga soladigan haqiqiy mard ayol edi. Faqatgina sohalarining bilimdoni emas, balki badiiy adabiyotni yaxshi biladigan, dunyoqarashlari keng, intellektual kuchli mutaxassis edilar. Hamroxon Mamatraimovaga shogird bo‘lganimdan faxrlanaman.
– Yoshlarning bugungi kitobga bo‘lgan intilishlari, qiziqishlariga qanday baho bergan bo‘lar edingiz? 2025 yil davomida Milliy kutubxonaga tashrif buyurgan kitobxonlar ko‘proq qaysi asarlarga murojaat etganlar?
– O‘zbekiston yoshlari, umuman, aholimiz mutolaada! Savolingiz yoshlar bilan bog‘liq bo‘lgani sabab, aytishim kerakki, ijtimoiy tarmoqlarning ommalashgani, internet tarmog‘idan keng foydalanilayotgani, qolaversa, fikr erkinligi, reklama tarmog‘ining jadal rivojlanishi, mashhur asarlarning tarjima nusxalari ko‘payishi, tanlash imkoniyati yaratilgani yoshlarni kitobxonlikka qaytargan omillardan deb hisoblayman. Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, kitobxonlik va kitobxonlikni targ‘ib qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, kutubxonachilik sohasiga oid qator hujjatlar imzolandi. Natijada kutubxonalarda zamonaviy sharoitlar yaratildi. Bilamizki, yoshlarni zamonaviy sharoitlar, texnika-texnologiyalar doim qiziqtirib kelgan. An’anaviy bosma nashrlarning chop etilishidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan birga, onlayn mutolaa yoshlar uchun juda keng va qulay imkoniyatlarni berdi.
2025 yil 9 oyi davomida Milliy kutubxonaga tashrif buyurgan kitobxonlar ko‘proq murojaat qilgan (adabiy asarlar) nashrlar:
1. O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”.
2. “Dunyoning ishlari”
3. Said Ahmad “Ufq”.
4. “Jimjitlik”
5. Tog‘ay Murod “Otamdan qolgan dalalar”
6. Teodor Drayzer “Sarmoyador”
7. Djorj Oruyell “1984”
8. Fotih Duman “Men”
9. Javlon Jovliyev “Qo‘rqma”
–Kitobga mehr qo‘yishda yoshlarga qanday yo‘l-yo‘riqlarni tavsiya etgan bo‘lardingiz?
– Kitob mutolaasi bobida “Dangasaga arpa uni bahona” deydigan davrdan o‘tib ketdik, nazarimda. Turli bahona va vajlar bugungi kunda o‘rinsiz. Mutolaaning eng zamonaviy formati –audiokitobni tinglash. O‘qimaysan, tinglaysan! Yana mutolaaga to‘sqinlik qiladigan bahonalardan biri, bilamizki nashrlarning narxi, ya’ni qimmatligi yoki topolmaslik. Bugungi kunda har qanday nashrning ham bosma, ham elektron shakli tayyorlanmoqda, ba’zi nashrlarning (badiiy adabiyot) audio shakli ham bor. Kitoblar kitobxonning moliyaviy imkoniyatlarini ham e’tiborga olgan holda tayyorlanmoqda. Bu to‘g‘ri, chunki O‘zbekistonda nashr qilingan kitob mahsulotlari bilan biz xalqaro ko‘rgazmalar, halqaro tadbirlarda ishtirok etyapmiz va ularning tannarxi qimmatroq va nashrning sifatiga hech qanday ta’sir qilmagan holda chop etilgan kitoblar mavjud. Tanlash huquqi esa kitobxonda, sotib olaman deganlar uchun ikkisi ham muhayyo. Kitob do‘konini aylangani vaqtim yo‘q, deguvchilar uchun esa onlayn kitob do‘konlari mavjud: rasmiylashtiring, asarning bosma, ya’ni qog‘oz ko‘rinishi tugagan bo‘lsa, elektron shaklidan foydalaning.
Yoshlarga tavsiyalarim esa, har qanday kitobni mutolaa qilmang. Bu fikrlarim asosan badiiy asarlar mutolaasi bilan bog‘liq. Nashrni varaqlab mutolaa jarayoniga kirishdingmi, u “seniki” ekanini tushunasan, chunki zavqlanish hissini sezasan, qo‘lingdan tushmay qoladi, asarni ichida bo‘lasan. Lekin mutolaa jarayoni faqat badiiy asar emas, nashrlarning yo‘nalishlari, turi ko‘p. Bu yo‘nalishda esa mutolaaga darrov kirishib ketolmaysan. Ilmiy nashrlar mutolaasi esa aqliy mehnat: qiynalib mutolaa qilinadi, yarim yo‘lda qolib ketmasligi, tushunmagan joylarni takror o‘qish, izlanish, o‘z ustida ishlash orqali nashrning sehrini, ya’ni ilmning mag‘zini chaqasan.
Global davr, muhitda mutolaa jarayonida bosma va elektron kitob degan tushuncha bor. O‘zimga kelsam, men muvozanatni saqlayman. Men chinakam, bosma kitobni juda yaxshi ko‘raman - yuqori sifatli qog‘ozdan tayyorlangan va siyohning yoqimli hidiga ega. Bittasini olganingizda, taktil tuyg‘u va dizaynning go‘zalligidan bahramand bo‘lasiz, o‘zgacha hayajonni his qilasiz. Men uchun chinakam mutolaa, chuqur quvonch va zavq keltiradigan jarayonning o‘zi qog‘oz (bosma) kitob bilan uzviy bog‘liqdir! Bu ko‘proq his-tuyg‘ularni uyg‘otadi, maxsus muxitni yaratishga yordam beradi va matnni idrok etishni chuqurlashtiradi. Qog‘oz kitoblar har doim madaniyatimiz va kundalik hayotimizning bir qismi bo‘lgan va bo‘lib qoladi.
Albatta, bu men elektron kitoblarni rad etaman degani emas, aksincha, ular ba’zan juda qulay bo‘lishi mumkin. Audiokitoblar mutolaasi eng qulay ko‘rinish, muhimi joy, vaqt tanlamaydi.
Demak, men oqilona muvozanat tarafdoriman: tezlik va samaradorlik muhim bo‘lganda men elektron shakldan foydalanaman, lekin an’anaviy formatdan haqiqiy zavq olaman.
– Mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirishda siz rahbarlik qilayotgan ma’rifat maskani tomonidan yana qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
–Kutubxonamizda kitobxonlikni targ‘ib etish bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Kitobxonlik haftaliklari, turli ma’rifiy anjumanlar, forumlar, seminarlar, yozuvchi va shoirlar, olimlar, mamlakatimizning yetuk ziyolilari, mashhur sportchilar bilan muloqotlar, uchrashuvlar muntazam o‘tkaziladi. Ayni paytda kutubxonadagi manbalardan olimlar, tadqiqotchilar, pedagoglar, talabalar bemalol foydalanish imkoniga ega. Eng katta tuhfa Prezidentimiz tashabbusi bilan kutubxonamiz uchun yangi, muhtasham bino barpo etilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, ta’lim-tarbiya, ustozlar mehnatini e’zozlash, ularning izlanishi, o‘z ustida ishlashi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining amaldagi yorqin namunasidir.
– Qiziqarli va mazmunli suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi