Oliy Majlis Senatiga Eron islomiy kengash majlisi deputati va “Eron-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Javad Nikbin tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda Javad Nikbin O‘zbekistonda so‘nggi yillardagi ijobiy o‘zgarishlar, keng ko‘lamli islohotlar, Prezidentning xalqaro maydondagi oqilona siyosati tufayli mintaqadagi do‘stona muhit rivojlanayotganini alohida e’tirof etdi.

Tomonlar ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari asosida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari jadal rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda parlamentlararo aloqalar faollashgani, parlament rahbarlarining muntazam muloqoti va o‘zaro tashriflari ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish hamda mazkur sohalarda davlat rahbarlari va hukumatlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishini qat’iy parlament nazoratiga olish muhimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Eron bilan tibbiyot, nanotexnologiya yo‘nalishlarida tajriba almashish, O‘zbekistonning dengizga chiqishi yo‘lida Eron portlaridan foydalanish imkoniyatlari haqida ham fikr almashildi.
O‘zbekiston va Eron viloyatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar, iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalishlarda hududlararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida istiqboldagi rejalar va loyihalarni hayotga tatbiq etishda hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA