Zamonaviy jamiyatda shaxs erkinligi, ochiqlik va ijodiy o‘zini ifoda etish qadrlanayotgan bo‘lsa-da, bunday erkinlikning cheksizligi ayrim hollarda noto‘g‘ri targ‘ibotlarga sabab bo‘lyapti. Ayniqsa, madaniyat va san’at sohasida bu kabi noto‘g‘ri qarashlar tobora ko‘payib bormoqda. Bu esa nafaqat ijtimoiy hayotga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki yosh avlodning ongiga ham zarar yetkazishi tabiiy.
San’at har doim inson qalbining eng nozik, nafis tuyg‘ulari to‘planadigan makon bo‘lib kelgan. Bu soha orqali odamlar o‘z his-tuyg‘ularini, hayotga bo‘lgan qarashlarini ifoda etadilar. Shunday ekan, madaniyat va san’at vakillari – aktyorlar, qo‘shiqchilar, rassomlar, yozuvchilar jamiyatda o‘ziga xos namuna va qadrli obraz bo‘lishlari lozim. Ularning harakatlari, so‘zlari, sahnadagi obrazlari ko‘plab insonlarga ta’sir qiluvchi kuchga ega.
Ammo bugungi kunda ko‘plab san’atkorlarning ijodiy mahsulotlari o‘z mohiyatidan yiroq, faqat tomoshabinlarni jalb qilish, sotish yoki e’tibor qozonish uchun yaratilmoqda. Qo‘shiqlardagi oddiy va mazmundan yiroq bo‘lgan taqlid so‘zlar, aktyorlarning bachkanabozligi, shaxsiy hayotning eng sirli qirralarini ham ko‘rsatish kabi holatlar madaniyat vakillariga bo‘lgan hurmatni pasaytirishi mumkin.
Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar keng ommalashib, har bir inson o‘z fikrini, hayotidan parchalarni erkin ifoda eta oladigan platformaga aylandi. Ammo ayni shu maydonda madaniyat va san’at vakillarining xatti-harakatlari ham ko‘zga tashlanmoqda. Ba’zida ularning ijtimoiy tarmoqlardagi nojo‘ya, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan, hatto behayo yoki haqoratli fikrlari yoshlar orasida noto‘g‘ri xulq-atvorni targ‘ib qilmoqda. Shuning uchun ham ushbu soha vakillarining nafaqat sahnadagi, balki ijtimoiy tarmoqlardagi harakatlari ham mas’uliyatli va o‘ylangan bo‘lishi zarur. Aynan san’at va madaniyat vakillaridan bu qadar mas’uliyatli yondashuvni talab qilishimizga sabab, ijtimoiy hayotimizga ushbu soha vakillarining ta’siri juda katta va bu ta’sir ijobiy yo‘nalishda bo‘lishi bizni tarbiyaviy va madaniy jihatdan yuksaltirishga xizmat qiladi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyasiz harakatlari bilan yurgan insonni ertaga mushtipar ona timsolida ko‘rolmaymiz yoki g‘ayrioddiy harakatlari bilan “like” to‘playotgan xonanda ertaga insonning eng nozik va chuqur his tuyg‘ularini tarannum etishi, tinglovchida noaniq hissiyotlar paydo qilishi tabiiy. Shaxs erkinligi har bir insonning asosiy huquqlaridan biri bo‘lsa-da, u cheksiz emas. Har qanday erkinlik boshqalarnikini cheklamasligi, jamiyatning umumiy axloqiy fazilatlariga zid bo‘lmasligi kerak. Ayniqsa, san’at va madaniyat sohasida ijodkorlarning o‘zini tutishi jamiyatdagi tarbiya va madaniyat darajasini belgilaydi. Shu sababli, shaxsiy hayot va ijtimoiy hayot o‘rtasidagi chegarani aniq belgilash, insoniylik tamoyillarini unutmaslik zarur.
San’at va madaniyat jamiyatning eng nozik, eng muhim sohalaridan biri bo‘lib, undagi har qanday o‘zgarish yoki buzilish butun jamiyatga ta’sir qiladi. Ushbu soha vakillari o‘zlarining shaxsiy hayotlarida va ijtimoiy maydondagi harakatlarida mas’uliyatni his qilishlari zarur. Shu tariqa, ular nafaqat o‘zlarini, balki jamiyatni, avvalo yosh avlodni sog‘lom tarbiyalashga xizmat qilishlari mumkin. Shaxs erkinligi insoniylik chegaralaridan chiqmasligi, madaniyatimiz, tarbiyamizni mustahkam xizmat qilishi esa kelajak uchun muhim zamin bo‘ladi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA