Toshkent shahridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islomning asl insonparvarlik mohiyatini saqlash va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xalqaro ekspertlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari yaqinda AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, ilm-fan va ma’rifat sohasidagi yangiliklarga alohida urg‘u berdi. Ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi butun jahon ilmiy jamoatchiligi uchun kutilayotgan muhim voqea sifatida ta’kidlandi.
Ikki kun davomida bo‘lib o‘tgan forumda 20 dan ortiq davlatlardan va IRCICA, ICESCO, TURKSOY, Butunjahon Islom Ligasi, Oksford universiteti, Rossiya Fanlar Akademiyasi, Christie’s kabi nufuzli xalqaro tashkilotlardan 100 dan ziyod mutaxassislar o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘ldi. Mazkur anjuman O‘zbekistonda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy siyosatning mantiqiy davomi va ilmiy hamkorlikning yangi bosqichi sifatida namoyon bo‘ldi.

– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan xalqaro ekspertlar kengashida ishtirok etganimizdan juda xursandmiz, – dedi Butunjahon islom uyushmasi konferensiyalar va tadbirlar direktori Shaker Saloh Aladvaniy. – Anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli mutaxassislar ishtirok etdi. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan ilgari surgan tashabbusiga binoan barpo etildi va bugun u haqiqatga aylandi.

Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) direktor o‘rinbosari Chengiz Tomarning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston dunyoga yuz ochib, o‘zining boy tarixiy merosini butun jahon hamjamiyatiga tanitmoqda. Toshkentda barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mintaqaning, balki butun islom olamining madaniy-ma’naviy qiyofasini aks ettiradi va yuksak ilmiy merosini kengroq namoyon etadi. Chengiz Tomarning qayd etishicha, bunday markazlar orqali islomning asl insonparvarlik mohiyatini ko‘rsatish, uni noto‘g‘ri talqinlardan himoya qilish hamda islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkin.
– Bu maskan nafaqat o‘tmish buyuk mutafakkirlarining merosini eslatadi, balki XXI asrda islom-turk uyg‘onishining muhim belgilaridan biri sifatida ham tarixga kiradi, – dedi Chengiz Tomar.

Islom hamkorlik ligasi Tadqiqotlar boshqarmasi direktori Umar Abu Shaafning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan Islom sivilizatsiyasi markazining yaqinda ochilishi haqidagi xabari butun dunyoga O‘zbekistonning buyuk islomiy merosi borligi va uni barcha insoniyat ko‘rishi kerakligi haqida ochiq xabar berish demakdir.
– Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurganimdan juda faxrlanaman, – dedi Umar Abu Shaaf. – Bu markazni qurish tashabbusini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan e’lon qilgan. Bu O‘zbekistonning butun dunyoga tuhfasidir. Markazni aylanib chiqdim. U juda chiroyli, yirik islomiy-ma’rifiy majmua bo‘lib, butun dunyo uchun ochiq. Inshoolloh, qayta tashrif buyuraman va bu yerda mavjud bo‘lgan noyob eksponatlar bilan yanada chuqurroq tanishib, ularning barchasidan foydalanaman. Chunki ular islomiy meros va sivilizatsiyaning haqiqiy namunasidir va bundan barcha insoniyat naf ko‘radi. Forum juda baland ruhda o‘tdi. Unda Islom hamkorlik ligasi nomidan nutq so‘zladim. Forumdan juda ko‘p foydali bilim va tajriba oldim. Qatnashchilar o‘z boy tajribalari bilan forumga hissa qo‘shishdi va shubhasiz, bundan barchamiz katta foyda ko‘rdik. Rostini aytsam, bu juda ulkan va kuchli tashabbus. Ayniqsa, bu loyihani Prezidentingizning BMT minbaridan e’lon qilgani — butun dunyoga O‘zbekistonning buyuk islomiy merosi borligi va uni barcha insoniyat ko‘rishi kerakligi haqida ochiq xabar berish, demakdir. Bu markaz va uning g‘oyasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning dunyoga yo‘llagan xabari bo‘lib, biz bundan faxrlanamiz va sharaf deb bilamiz.
Darhaqiqat, markazning o‘zi juda go‘zal va boy. Undagi bo‘limlar juda ajoyib. Ayniqsa, unda Usmon (r.a.) mushafi — yagona va nodir Qur’on nusxasi mavjudligi diqqatga sazovor. Bu mushaf butun islom olami uchun bebaho madaniy va tarixiy meros bo‘lib, xalqaro va mintaqaviy miqyosda katta ahamiyat kasb etadi.
Markazda Qur’oni karimning qimmatli qo‘lyozmalari ham mavjud. Ularning qiymati juda ulkan.
Bosma nusxalar chop etilishi imkoniyati mavjudligi tufayli tezroq tarqaladi va butun insoniyatga bosma yoki elektron shaklda yetkazilishi mumkin. Qo‘lyozmalar esa o‘zining tarixiy ahamiyati bilan islom merosining bebaho qismi hisoblanadi.
Xalqaro ekspertlar forumi qatnashchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nufuzli xalqaro tashkilot – Birlashgan Millatlar tashkiloti minbaridan turib bu sohada ilgari surgan tashabbuslarini e’tirof etarkan, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun islom dunyosi uchun katta ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova,
O‘zA